10:32 / 21.02.2021
2663
«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh izlov-qidiruv konlaridagi burg‘ilash ishlari holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi ishchi guruh a'zolari Buxoro-Xiva neftgazli regionida bajarilayotgan geologiya-qidiruv ishlari holatini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish jarayonida «O‘zbekneftgaz» AJning 2021 yilgi uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash dasturi doirasida burg‘ilash ishlari olib borilayotgan «Chorbog‘» maydoni 1-sonli va «Ijobat» maydonidagi 1-sonli izlov quduqlari burg‘ilash ishlari ko‘zdan kechirildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Sho‘rtan va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari resurs bazalarini to‘ldirish maqsadida, ushbu quduqlarda burg‘ilash ishlari joriy yilning yanvar oyida boshlangan edi.

Ishchi guruh a'zolariga bugungi kunda «Chorbog‘» maydoni 1-sonli izlov qudug‘ida burg‘ilash ishlari 1205 metr chuqurlikda paleogen davri yotqiziqlarida ekani bo‘yicha ma'lumot berildi.

«Ijobat» maydoni 1-sonli izlov qudug‘ida esa 1562 metr chuqurlikda paleogen davri yotqiziqlarida burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda.

Boshqaruv raisi o‘rganish jarayonida quduqlardan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olingach, navbatdagi izlov quduqlarini burg‘ilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, yangi uglevodorod xomashyosi konlarini ochish uchun istiqbolli maydonlarni aniqlash, geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish va bu borada zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ishni tashkil etish kerakligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, Boshqaruv raisi Davlat geologiya qo‘mitasi mutaxassislari, geologlari bilan hamkorlikda yer qa'rini geologik o‘rganish, undan samarali foydalanish va geologiya-qidiruv ishlari davomida ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» AJ mutaxassislari tomonidan uglevodorod xomashyo bazasini qayta tiklash va rivojlantirish yo‘lida 3D seysmik geologiya-qidiruv ishlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top