01:16 / 21.02.2021
40184

Prezident xalq orasida. Namanganga tashrifdan reportaj

Shavkat Mirziyoyev 18–19 fevral kunlari Namangan viloyatida bo‘lib qaytdi. Tashrif davomida ozchilik maqtov, ko‘pchilik tanbeh eshitdi. Kun.uz muxbirlari tashrifni bevosita joyidan yoritib bordi.

Foto: KUN.UZ

Tashrif davomida prezidentga hamrohlik qilgan vazirlarga oson bo‘lmadi. Ularning ko‘pchiligi mehmonxonada ham ko‘rsatadigan loyiha taqdimotini qanday yetkazish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rishganiga guvoh bo‘ldik. Biroq ularning barchasi ham taqdimotdan keyin yaxshi gap eshitmadi. Aksariyat vazirliklarning loyihalari prezident tomonidan tanqid qilindi.

Xususan, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov va uning o‘rinbosari Sohib Saifnazarov ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani uchun jiddiy tanbehlarni qabul qilib oldi.

Yo‘llar masalasida Farg‘onada dakki eshitgan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev bu gal ham tanbehlardan quruq qolmadi.

Tadbirkorlar bilan uchrashuvlar

Tashrif davomidagi ko‘rsatmalarida davlat rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlar bilan ishlashga asosiy urg‘u qaratdi.

«Bozorov Namanganda yaxshi ishladi. Katta korxonalar bo‘lmagan Namanganda hokim bo‘lish oson emas. Uning tadbirkorlar bilan birga ishlagani viloyat rivojlanishiga xizmat qildi», – dedi xususan prezident.

Davlat rahbari o‘z qurilish loyihasini taqdim etgan tadbirkorlardan birini maqtab, unga yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihalarni berib, sinab ko‘rish mumkinligini aytdi.

«Chust textile» korxonasida bo‘lgan prezident yana bir tadbirkorning ishiga yaxshi baho berdi. Korxona angar uslubidagi yengil metall konstruksiyadan qurilgani uchun qurilishning o‘zida 6 million dollar iqtisod qilingani aytildi. Prezident tadbirkorning tejamkorligini olqishlab, qolgan tekstil korxonalariga ham shunday uslubni joriy qilishga topshiriq berdi.

«Men bu yerga nima uchun keldim, bilasizlarmi?», deb so‘radi prezident vazirlar va hokimdan. Ular javob bera olishmadi va Mirziyoyev tashrifini shunday izohladi: «Mana shu tadbirkor qurilishning o‘zida 6 million iqtisod qilgani – men uchun eng katta ish. Bu axir katta pul. Banklar ham kredit berayotganda mana shu jihatga e'tibor berishi kerak».

Prezident xalq orasida

Shavkat Mirziyoyev aksar obektlarga tashrif davomida, shuningdek ayniqsa faollar yig‘ilishida rahbar lavozimdagilarni tanqid qildi. Aksincha, bevosita aholi bilan muloqotlarda ko‘tarinki kayfiyatda so‘zlashdi.

Prezident avvaliga, tashrifning birinchi kunida Namangan shahri Dashtbog‘ mahallasidagi xonadonlardan birida birrov mehmon bo‘ldi. Xonadon egalarining aksar vakillari bu vaqt qo‘shnilarinikida bo‘lgani va keyinchalik kirib kelgani, hovlidagi yoritkich (plafon) buzuqligi uchun o‘chib-yongani tashrif kutilmaganda bo‘lganidan darak berardi.

Prezident xonadon vakillari bilan gaplashganda jumladan shunday dedi: «Menga qolsa, ko‘proq sizlar kabi oddiy odamlar bilan gaplashaman, lekin bular (rahbarlarga ishora qilib) meni doim boshqa yerga chorlashadi».

Prezidentning bu xonadonga tashrifi chog‘ida yaqin atrofdagi masjiddan azon ovozi eshitildi.

«Xudoga shukr, oldin azonlar eshitarmidik? Qanday quloqqa yoqimli! Hamma narsa yopiq edi, ko‘p narsa mumkin emasdi. «Mumkin emas...» Nimaga mumkin emas? Nimaga? Bu ham o‘zligimizni anglash, qadriyat!» – ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bu xonadonga tashrif chog‘ida mahalla raisi bo‘lgan 22 yoshli Muzaffar degan yigitning mashhurlik onlari boshlandi. Prezident unga qarab, «Dovrug‘ing Toshkentgacha bordi» dedi. Shu-shu, birinchi rahbar Namanganga tashrif davomida Muzaffar ismli mahalla raisini tez-tez tilga oldi, uni namuna qilib ko‘rsatdi.

Tashrifning 2-kunida ham prezident ikki marta aholi bilan uchrashdi. Avvaliga kutubxonaga bo‘lgan tantanali tashrifni rad etgan prezident mahalliy rahbarlar uchun kutilmaganda Namangan shahridagi «Bunyodkor» mahallasiga bordi.

U yerdagi havas qilmaydigan holatni ko‘rgan prezident biroz oldin xalq deputatlari Namangan viloyat kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida tanbeh eshitgan Namangan shahar hokimini va hudud uchun mas'ul sektor rahbarini (Namangan shahar prokurori) qattiq tanqid qildi.

«Farg‘onaga borganimdan xulosa qilmadingizmi?» dedi prezident.

Bu mahallaga tashrif ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Tabiiyki, atrofda odam bunaqa ko‘payib ketishini hech kim kutmagandi. Odamlardan biri prezidentga mahallada gaz, elektr, suv muammo ekanini, yo‘llar yomonligini aytdi.

Prezident tashrifidan keyin ma'lum bo‘ldiki, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bu mahallaga konteyner qo‘yib yashaydigan bo‘ldi. U konteynerga «Viloyat hokimining uyi» deb yozib qo‘yilishini, hududda sanoat zonasi qurilib, 10 ta korxona yaratilishini aytdi. Shuningdek, mahallada yo‘llar ta'mirlanishi, elektr, gaz va suv ta'minoti yaxshilanishi aytildi va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.

Prezident qaytish oldidan Namangan shahridagi «Saxovat uyi»dagi qariyalarni ham borib ko‘rdi. U yerdagi qariyalar sharoit yomon bo‘lgani borasida prezidentga xat yozgan.

«Sizlarni ko‘rmay ketolmadim», dedi davlat rahbari. Avval paxta tozalash zavodining dala hovlisi bo‘lgan binoda yashayotgan keksalar uchun yangi «Saxovat uyi» qurib beriladigan bo‘ldi.

Yo‘llar, yo‘llar...

Prezident Namanganga tashrif chog‘ida yo‘llar masalasini ko‘p gapirdi. Bugun O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun eng muhim uchta jihat – elektr, gaz va logistika uchun yo‘l. Namanganda kichik biznes va hunarmandlik yaxshi rivojlangani inobatga olinsa, ayniqsa ichki yo‘llar yaxshi bo‘lishi zarur. Prezident mas'ullardan asfalt narxini tushirish uchun nima qilish mumkinligini so‘radi. Bu uchun bitumga bojxona to‘lovini kamaytirish taklifi berildi va prezident bu masalani ko‘rib chiqishini aytdi.

Shuningdek, prezident asfaltga imkon bo‘lmagan yerlarga tosh va qum aralashmasi (ShPS) ishlatishga ko‘rsatma berdi. Bu yo‘llarni ta'mirlashni arzonga tushirishi aytildi.

Shu tariqa, prezidentning Namanganga tashrifi yakunlandi. Tashrifga jiddiy tayyorlangan viloyat rahbarlarini endilikda qiyinchiligi bu tayyorgarlikdan oson bo‘lmagan vazifalar ijrosi kutib turibdi.

Viloyat faollari yig‘ilishidan fotojamlanma

O‘tkir Jalolxonov,
Nuriddin Nursaidov,
Kun.uz.

Shavkat Mirziyoyev ilk marta o‘zbekistonlik jurnalistlarga intervyu berdi. Kun.uz muxbiri islohotlarga to‘siqlar haqida so‘radi

Top