21:16 / 22.02.2021
64692
Jizzaxda viloyat hokimining akasi va o‘g‘li milliardlab so‘mlik loyihalarga egalik qilmoqda

Jizzax viloyati hokimi Ergash Alibekovich Soliyevning o‘g‘li Elbek Ergashevich Soliyev hamda uning akasi Shavkat Alibekovich Soliyev ishtirokidagi kompaniyalar viloyat hududida qator loyihalarni amalga oshirib kelishmoqda.

Telegramdagi Davletovuz kanali muallifi «Qorako‘z-investor, jigar-tadbirkor» sarlavhali navbatdagi surishtiruvida ham Jizzax viloyatidagi tanish-bilishchilik va manfaatlar to‘qnashuvi mavzusini ko‘tardi. Uning aniqlashicha, so‘nggi yillarda Jizzax viloyatida turli loyihalarda faol ishtirok etib kelayotgan Rossiyaning AAA INVESTMENT COMPANY kompaniyasi - xorijiy investor niqobidagi o‘zbekistonlik Shavkat Alibekovich Soliyevga tegishli.

AAA INVESTMENT COMPANY kompaniyasi Rossiyada 2018 yil 20 fevralda 1 mln rubllik ustav fondi bilan ro‘yxatdan o‘tgan, mart oyida esa O‘zbekistonda ushbu kompaniya (90 foiz) va Elbek Soliyev ta'sischiligida AAA COMPANY MChJ qo‘shma korxonasi ochilgan. 

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil noyabridagi qarori bilan tasdiqlangan 2020-2022 yillarda Jizzax viloyatining Zomin tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatiga ko‘ra, AAA COMPANY MChJ qo‘shma korxonasi Duoba qishloq fuqarolar yig‘ini hududida Turistik davolash-sog‘lomlashtirish majmuasi tashkil etishi belgilangan. E'tiborli tomoni, ushbu maqsadlar uchun yer ajratish bo‘yicha qaror Zomin tumani hokimi tomonidan 2019 yildayoq chiqarib qo‘yilgan.

Majmua qiymati 14 mlrd so‘m bo‘lib, 7 mlrd kompaniya hisobidan, 5 mlrd so‘mi Milliybank kreditlari hisobidan, 200 ming dollarlik chet el investitsiyasi hisobidan amalga oshirilishi kerak.

Kompaniya tumanda chorvachilik bilan bog‘liq yana bir loyihani amalga oshirishni niyat qilgan. Qo‘shma korxona ochilgan oyning o‘zidayoq tuman hokimi yer ajratish bo‘yicha qaror chiqarib bergan.

Mazkur korxona tomonidan Sharof Rashidov tumani, Uchtepa qishloq fuqarolar yig‘inida umumiy qiymati 13 milliard so‘m bo‘lgan loyiha amalga oshirilgan. OAVda e'lon qilingan reklama materialidan ma'lum bo‘lishicha, Milliybank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘i evaziga bouling markazi va 3D kinoteatr qurilib, zarur jihozlar xarid qilingan. 3D kinoteatr 2ta zaldan iborat bo‘lib, har biri 50ta tomoshabin o‘rnini o‘z ichiga oladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Shavkat Soliyev va Elbek Soliyev 2018 yil aprelida 90/10 ulushda METAN KOREA MChJ qo‘shma korxonasini ham ochishgan.

«Aftidan, amaki-jiyanning biznes hamkorligi uzoq davrlarga borib taqaladi. Ular 2011 yilda Forish tumanida FISH CO MChJ qo‘shma korxonasini 99,5 foiz/0,5 foiz ulushida ochishgan», deydi muallif. 

Elbek Soliyev turar joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadigan RISER SUN MChJning ham chorak ulushiga egalik qilishi ma'lum qilingan.

  • 2020 yil dekabrida jamoatchilikka Jizzax viloyati hokimining boshqa bir farzandi - Nargiza Soliyeva egalik qiladigan My Flower kompaniyasi Jizzax shahri markaziy ko‘chalariga gul va manzarali o‘simliklar ekish bo‘yicha 2020 yil fevral, iyun va noyabr oylarida o‘tkazilgan, umumiy qiymati 4 milliard so‘mga yaqin tanlovlarda g‘olib chiqqanidan xabar topgandi. Buning ortidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ta'sischilaridan biri hokimning qizi bo‘lgan kompaniya tanlovlarni yutib olishi holatlarini «o‘z vakolatlari doirasida o‘rganishni boshlagani»ni, bu bo‘yicha Jizzax viloyatiga so‘rov yuborilganini ma'lum qilgandi.
  • O‘tgan yil oxirida davletovuz kanali Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akram Rahmonqulovning qarindoshlari ijtimoiy va boshqa soha obektlarini qurish bo‘yicha bir necha yuz milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani, Akram Rahmonqulov o‘zi qarindoshlari yutgan tenderlarda komissiya raisi sifatida vakolatli shaxs bo‘lganini ham aniqlagandi.
  • 2021 yil yanvarida Jizzax shahrida qurilayotgan binolardan biri qulab tushgach, Akrom Rahmonqulov ishdan olindi, prezident Shavkat Mirziyoyev uni «siyosatga xiyonat qilgan» deb topdi, keyinroq unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Top