08:00 / 22.02.2021
16593
Hokim qarorini soxtalashtirib, aslida yo‘q bo‘lgan uylarni 100 000 dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan guruh a'zolari jinoyat ustida, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. 

Viloyat IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yil 17 fevral kuni Toshkent viloyati IIBBga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R.T. ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida «Dilnura», «Nodira» va «Aziz» ismli shaxslar Nurafshon shahrida joylashgan (aslida hech qayerda ro‘yxatda bo‘lmagan) 3ta hovlining kadastr hujjatlarini qalbakilashtirib, 100 000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘layotganini ma'lum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, 19 fevral kuni Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari va sohaviy xizmat xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Nurafshon shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan Dilnura A. (hozirda firibgarlik va pora berish jinoyatlari bilan tergov ostida bo‘lgan), tanishlari, 1997 yilda tug‘ilgan Aziz G‘. (2019 yilda firibgarlik jinoyati bilan sudlangan) hamda 1997 yilda tug‘ilgan Nodira I. ariza muallifidan talab qilingan pullarning 30 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Ushlangan shaxslardan 30 000 AQSh dollari miqdoridagi naqd pul, Nodira I. va Gulnora A. nomiga rasmiylashtirilgan Nurafshon shahar Navro‘z MFYda joylashgan «18-A» va «18-B» raqamli va Dilnura A. nomiga rasmiylashtirilgan «Istiqlol» MFYda joylashgan 10-uyning qalbakilashtirilgan (hokim qarori va boshqalar) kadastr hujjatlari xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top