11:50 / 22.02.2021
11683
Kaltaklangani uchun do‘konni yoqib yuborib, fuqarolarga 600 mln so‘mlik zarar yetkazgan shaxslar qamoqqa olindi

2021 yilning 14 fevral kuni soat 19:00larda Toshkent shahri Chilonzor tumani Guliston mavzesi THAY ko‘chasida “gumma” sotuvchi Yodgor A. gumma sotish uchun mo‘ljallangan stolini yig‘ishtirib aravaga ortayotgan vaqtida, unga ilgari tan jarohati yetkazib, haqorat qilgan Saidjon S. Javohir T. bilan “Lacetti” rusumli avtomashinada kelgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular Yodgor A.ni to‘xtatgan vaqtida, u ushbu avtomashinaning old va ikki old eshiklari oynalarini aravada bo‘lgan stol oyog‘i bilan urib sindirib, ushbu stol oyog‘i bilan Saidjon S.ga ham tan jarohati yetkazgan. Ushbu janjalga Yodgor A.ning qarindoshi Bahodir K. ham qo‘shilib, qo‘lidagi temir quvur (truba) bilan Saidjon S.ga tan jarohati yetkazgan.

Ushbu janjaldan so‘ng, 2021 yilning 15 fevral kuni soat 04:50da, Saidjon S. va Javohir T. qasd olish maqsadida, Bahodir K.ga tegishli, ukasi Komil K.ning nomida bo‘lgan, Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘oni hududidagi “Halima hoji ona” mebellar do‘koniga qasddan o‘t qo‘yib, jami 500 mln. so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlar. Natijada, ushbu mebellar do‘koniga tutashgan “Grant Builder” MChJning sotuv markazi binosining bir qismiga ham yong‘in o‘tib, 100 mln. so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Saidjon S. va Javohir T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida Saidjon S. va Javohir T. jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan "qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, Yodgor A. va Bahodir K.ga nisbatan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan JKning 277-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yodgor A. va Bahodir K. ham jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Top