23:21 / 22.02.2021
1519
Reabilitatsiya va moslashtirish markazlariga bir oyda 800dan ortiq fuqaro yordam so‘rab murojaat qildi

Prezidentning 2018 yil 2 iyuldagi «Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari tashkil etilgan edi. 2019 yilning avgust oyida ilk bor shunday markaz o‘z faoliyatini boshladi.

Respublika reabilitatsiya va moslashtirish markazi direktori o‘rinbosari Nigora Abdurahimovaning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, hozirda mazkur markazning butun respublika bo‘yicha 184 ta filiali mavjud.

Bu markazlarda har kuni xotin-qizlarning turli masalalar bo‘yicha murojaatlari qabul qilinadi.

Jumladan, 2021 yilning yanvar oyida markaz filiallariga jami 819 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar umumiy sonining 80 foizdan ortig‘i, ya'ni 724 tasi ayollardan, 49 tasi – erkaklardan, 46 tasi – voyaga yetmagan shaxslardan tushgan.

Murojaatlarning asosiy qismi – ruhiy zo‘ravonlikdan bo‘lib, jami 314 nafar fuqaro shundan aziyat chekkanini bildirgan.

Ushbu nodavlat-notijorat markazlarning asosiy vazifasi – og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatishdan iborat.

Murojaat qilgan shaxslarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur dori-darmonlar, vaqtincha yashash va reabilitatsiya qilish uchun boshpanalarda yashash kabi ijtimoiy yordamlar ham ko‘rsatiladi.

20 yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 122 nafar shaxs vaqtincha boshpanalarda yashab turibdi. Ularning 60 nafarini ayollar va 62 nafarini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda.

«Markazlarga respublika bo‘ylab yagona raqam – 1146 raqami orqali bog‘lanish mumkin. Markaz tomonidan Najot ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ilova orqali respublikadagi barcha shelterlar haqida ma'lumot olish va ulanish mumkin.

Bu yerga yordam so‘rab murojaat qilganlarni salbiy axborotlar, psixologik va jismoniy ta'sirlardan himoya qilish maqsadida jabrlangan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar oshkor qilinmaydi», – deydi direktor o‘rinbosari Nigora Abdurahimova.

Top