11:33 / 22.02.2021
3257
Tojikiston aholiga xizmat ko‘rsatish tizimini isloh qilishda O‘zbekiston tajribasidan foydalanmoqchi – DXA

Tojikistonda aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi isloh etilishi kutilmoqda. Qo‘shnilarimiz bu borada O‘zbekiston tajribasidan foydalanishni maqsad qilishgan.

Foto : Davlat xizmatlari agentligi

Davlat xizmatlari agentligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni shu maqsadda yurtimizga tashrif buyurgan Tojikiston delegatsiyasi Toshkent shahridagi Chilonzor tumanida davlat xizmatlari markazida zamonaviy texnologiyalar orqali tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi bilan tanishgan.

Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulug‘bek Muhammadiyev «Tojikinvest» DUK ijrochi direktori Javohirlar Muzaffariy hamda Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Isfandiyor Yazdonzodani Chilonzor tumani davlat xizmatlari markazida aholi va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimi bilan tanishtirgan.

Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekistonda aholiga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar e'tirof etishgan. Mehmonlar Tojikistonda ham bu borada islohotlar amalga oshirilayotganligi hamda mamlakatimizning tajribasini o‘rganish ahamiyatli ekanini ta'kidlashgan.

Tojikistonliklar yurtimizda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini keng targ‘ib qilish, olis hududlarda filiallar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, axborot texnologiyalarini joriy etish, sohada qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti, xalqaro hamkorlik, davlat xizmatlarini joriy etish va rivojlantirish masalalari, tizimni takomillashtirishda duch kelinishi mumkin bo‘lgan muammolar hamda ularning yechimi haqidagi savollariga atroflicha javob olishgan.

Top