17:41 / 22.02.2021
35758

Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalariga yangi rahbarlar tayinlandi

Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasini boshqarish transport vaziri Ilhom Rustamovich Mahkamovga yuklatildi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, endilikda u bir vaqtning o‘zida ikkita lavozim egasi sanaladi.

Ilhom Mahkamov / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Bugun kunning birinchi yarmida parlament deputatlari Mahkamov nomzodini transport vaziri lavozimiga ma’qulladi. U 5 oydan buyon vazir vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, bosh vazir Abdulla Aripov bugun, 22 fevral kuni Ra’no Frunzevna Jo‘rayevani Uzbekistan Airports'ning yangi rahbari sifatida tanishtirgan. Bu haqda kompaniya kuzatuv kengashi a’zosi Aziza Umarova Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.

Ra’no Jo‘rayeva / Foto: TsENKI

Ikki kompaniya rahbariyatidagi o‘zgarishlar yuzasidan Kun.uz bog‘langan Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov ayni paytda bu tayinlovlar rasman tasdiqlanmaganini bildirdi.

  • «Uzbekistan Airports» AJni u tashkil etilgan 2019 yildan buyon Ravshan Ismoilov boshqarib kelayotgandi.
  • «Uzbekistan Airways» AJ raisi lavozimini 2018 yil yanvaridan buyon Baxtiyor Hakimov egallab keldi. Bir yil oldin uning lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi aytilgandi.

Ma’lumot uchun, asli toshkentlik Ra’no Jo‘rayeva uzoq yillar Rossiyada aviatsiya sohasida rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotgandi. U 1986 yilda Moskva aviatsiya institutida aspiranturani tamomlab, uchuvchisiz apparatlar uchishi dinamikasi hisob-kitoblariga bag‘ishlangan dissertatsiya yoqlagan. Butunrossiya tashqi savdo akademiyasida xalqaro iqtisodiy munosabatlardan tahsil olgan. Moliyaviy menejment strategiyasi bo‘yicha Harvard biznes-maktabi bitiruvchisi.

Jo‘rayeva Rossiya Fuqaro aviatsiyasi davlat ilmiy-tadqiqot institutida loyiha rahbari sifatida faoliyat yuritgan. 1996–2005 yillarda Airport Management Company Ltd kompaniyasida biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor lavozimida ishlab, Domodedevo aeroport kompleksini rivojlantirish loyihalari ustida ishlagan.

Rus nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ra’no Jo‘rayeva Rossiyaning uch milliarderi – Olega Deripaska, Dmitriy Kamenshchik va Vasiliy Anisimovning kompaniyalarini boshqargan.

2016 yilda «Roskosmos»da TsENKI (Kosmik infratuzilma obektlarini ekspluatatsiya qilish markazi) bosh direktori bo‘lib, Rossiyaning barcha kosmodromlari uchun mas’ul shaxsga aylanadi va bu lavozimda uch yilga yaqin faoliyat yuritadi.

Ra’no Jo‘rayeva faoliyati davomida tizimda qator islohotlar olib borilgan – 1994 yilda ishga tushgan TsENKI Jo‘rayeva rahbarligida 46ta rejali parvozni amalga oshirgan, «Vostochniy» kosmodromi qurib bitkazilgan, «Boyqo‘ng‘ir» modernizatsiya qilingan.

2019 yilda TsENKIdan ketgach ham Jo‘rayeva sohadan uzoqlashmaydi va 2019 yilning apreliga kelib «S7 Kosmik Transport tizimlari» (S7 Space) kompaniyasi rahbariga aylanadi. S7 Space ham Rossiya Federatsiyasi tomonidan kosmik faoliyat olib borish litsenziyasi berilgan kompaniya edi.  

Ra’no Jo‘rayeva faoliyati davomida transport tizimining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritgan. Jumladan, fuqaro aviatsiyasining innovatsion markazida ye-Freight yuk aviatashuvini joriy qilishda, «Bazovyy element» kompaniyasining transport tizimida, Sochi aeroportini Olimpiada o‘yinlariga tayyorlashda va  Domodedovo aerokompleksi modernizatsiyasida ishtirok etgan.

Ra’no Frunzevna, shuningdek, COALCO Ltd boshqaruvchi direktori, «Gruppa Sintez» bosh direktori, «Aeroport Sistems Development» bosh direktori, Fuqaro aviatsiyasi innovatsion markazi prezidenti, «TranInfoTex» bosh direktori, Xalqaro aeroportlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori lavozimda faoliyat olib borgan.

Top