12:34 / 22.02.2021
1807
Yanvar oyida tashqi savdo aylanmasi 22 foizga kamaydi

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eksport 46 foizga, import hajmi esa 3,9 foizga qisqargan. Eksportning keskin qisqarishini yanvar oyida oltin eksport qilinmagani bilan izohlash mumkin.

2021 yilning yanvarida respublika tashqi savdo aylanmasi 2 milliard 303 million dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 657,6 million dollar yoki 22,2 foizga kamaydi. Bu haqda Statqo‘m ma'lumot bermoqda.

Joriy yilning ilk oyi davomida tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 694,8 million dollar, import hajmi esa 1 milliard 608,1 million dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, yanvar oyida eksport 46 foizga (2020 yil yanvar oyida 1 milliard 286,5 million dollarni tashkil etgan) import esa 3,9 foizga (2020 yil yanvar oyida 1 milliard 674 million dollar) qisqargan. Hisobot davrida 913,3 million dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etilgan.

Eksportning keskin qisqarishini yanvar oyida umuman oltin eksport qilinmagani bilan izohlash mumkin. O‘tgan yilning mos davrida 489,8 million dollar oltin eksport qilingan. O‘zbekiston so‘nggi uch yil ichida birinchi marta yanvar oyida oltin sotmadi. Respublika oxirgi 5 oy davomida qimmatbaho metallarni eksport qilmagan. Oxirgi marta oltin 2020 yil avgust oyida sotilgan.

2021 yil yanvarida Xitoy O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkor davlati sifatida qayd etilgan. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 484,2 million dollarni tashkil qilgan. Shundan 147 million dollar eksport ulushi, 337,2 million dollar import ulushi ekani ma'lum qilingan.

O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida Rossiya ikkinchi o‘rinda (o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 429, 7 million dollar) qayd etilgan. Keyingi pog‘onalarda Qozog‘iston, Turkiya, Fransiya joy olgan.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 36,3 milliard AQSh dollarini tashkil qilib, eksport hajmi 15,2 milliard dollar, import hajmi 21,1 milliard dollar ekani qayd qilingan.

Shuningdek, 2020 yilning yanvar-dekabr oylari yakunlari bo‘yicha respublika tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmining 38,3 foizini oltin egallagan.

Top