14:22 / 23.02.2021
43089

Toshkentda vaksina tashishga mo‘ljallangan maxsus avtomobillar YTHga uchradi

Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Nukus va Amir Temur ko‘chalari kesishgan chorrahada vaksinalarni tashish uchun mo‘ljallangan bir nechta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi YHXBB axborot xizmati Toshkentda vaksina tashuvchi «Changan» rusumli avtomobillar bilan sodir bo‘lgan YTH yuzasidan ma'lumot berdi.

«2021 yilning 23 fevral kuni soat 11:30larda Toshkent shahri, Mirobod tumani, Nukus va Amir Temur ko‘chalari kesishgan chorraha yaqinida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududiy boshqarmalarga foydalanish uchun topshirilib, olib ketilayotgan "Changan" rusumli avtomobil haydovchilaridan biri keskin tormoz bosishi oqibatida ortida harakatlanayotgan xuddi shu rusumdagi 6ta avtomobilning ham keskin to‘xtashi va to‘qnashuvi yuz bergan», deyiladi xabarda.

YTH oqibatida 2ta avtomobil texnik shikastlangani, tan jarohati olganlar yo‘qligi qayd etilgan.

«Mazkur hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, hodisa sodir bo‘lish sabablariga oydinlik kiritilmoqda.

Barcha haydovchilardan yo‘llarda ehtiyotkor bo‘lishlarini, oraliq masofani saqlab harakatlanishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi IIV YHXBB axborot xizmati ma'lumotida.

  • Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 fevral kuni, BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Toshkent shahridagi «Milliy» stadionida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati uchun 17ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206ta Miniven-Labo avtomobillarini topshirgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
Top