14:47 / 23.02.2021
3873
Ashraf G‘ani Afg‘onistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

2021 yilning 23 fevral kuni amaliy tashrif bilan Kobul shahriga kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytilishicha, vazir prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘aniga yo‘llagan maktubini topshirgan.

Qayd etilishicha, Suhbat davomida O‘zbekiston-Afg‘oniston ko‘p qirrali munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlikning joriy yuqori darajasi qayd etildi va barcha sohalarda o‘zaro manfaatli yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqlik ta'kidlandi.

Prezident Ashraf G‘ani birodar Afg‘oniston xalqi nomidan Afg‘oniston zaminida tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, mamlakat iqtisodiyotini tiklashda har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Afg‘onlararo siyosiy muzokaralarning uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish va mamlakatda xavfsizlikni ta'minlashdagi muhim o‘rni qayd etildi.

Muzokaralarda ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.

Top