14:52 / 23.02.2021
2529
BAA va Qatar rasmiylari Ko‘rfaz kelishuvidan keyin ilk bor uchrashishdi

Ikki qo‘shni mamlakatning delegatsiyalari diplomatik inqirozga barham berish uchun Kuvaytda uchrashishdi.

Showkat Shafi/Al Jazeera

Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarning rasmiy delegatsiyalari 3 yildan ziyodroq davom etgan diplomatik uzilishlarga yakun yasash uchun Kuvaytda ko‘rishishdi. Bu haqda amirliklarning WAM davlat axborot agentligi xabar berdi.

Ko‘rfaz kooperatsiyasi kengashi (GCC) a'zolari Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr 2017 yilning iyunida tashkilot a'zolaridan biri Qatar bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalarni uzib, Qatarni terrorizmni quvvatlashda ayblab, quruqlik, dengiz va havo yo‘llarini blokada qilishgandi.

WAM’ning xabar berishicha, dushanba kuni Kuvaytda uchrashgan BAA va Qatar rasmiylari «Al-Ula» kelishuvini amalga oshirish mexanizm va jarayonlarini birgalikda amalga oshirishni muhokama qilishgan».

«Ular ko‘rfazdagi qardoshlikni saqlash va ko‘rfaz mamlakatlari va aholisi manfaatlari doirasida ko‘rfazning qo‘shma harakatlarini taraqqiy ettirish hamda hududda barqarorlik va farovonlikka erishishning ahamiyatiga urg‘u berdilar», deyiladi xabarda.

Ikki delegatsiya Saudiya Arabistoni va Kuvaytga inqirozni bartaraf etishdagi rollari uchun tashakkur izhor qilishgan.

Qatar tomoni hali bayonot bermadi. O‘tgan oydan boshlab Qatar va boshqa to‘rt mamlakat o‘rtasida havo va turizm aloqalari qayta bog‘landi. Har bir mamlakat Qatar bilan ikki tomonlama muzokaralarga kirishishiga kelishib olindi.

Top