20:16 / 23.02.2021
4642

Buxoro viloyatida 7 ta tumanda 492 ta yaratilmagan ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilgan

Bu haqda bugun bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi sessiyasida ma'lum qilindi. 

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Sessiyada viloyat prokurori Mahmud Istamovning axboroti eshitildi. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil davomida viloyatda mansabdor shaxslarning 1566 ta qonunga zid va asossiz huquqiy hujjatlariga protest keltirilgan. Shuningdek, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan 1707 nafar mansabdor shaxs ogohlantirilgan, 1273 nafar shaxs esa intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortilgan, 65 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mahmud Istamov

Istamovning ta'kidlashicha, jinoyat va huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan 15 mlrd so‘mlik zararlar undirilib, 37 mlrd so‘mlik zararlarni undirish bo‘yicha sudlarga 539 ta da'vo arizasi kiritilgan hamda 5200 nafardan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

— Koronavirus pandemiyasi davrida sog‘liqni saqlash tizimida yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan keskin choralar ko‘rildi. Jumladan, pandemiya davrida 570 nafar tibbiyot xodimiga to‘lab berilmagan 2 mlrd 905 mln so‘mlik qo‘shimcha ish haqi va rag‘batlantirish mablag‘lari undirib berildi. Xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 11 nafar shifokor hamda hisobchilar ma'muriy javobgarlikka tortildi. Viloyatda tez tibbiy yordam xodimlariga ajratilgan bir martalik moddiy yordam mablag‘larining 1 mlrd 200 mln so‘mi ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, 4 ta tibbiyot birlashmasining 8 nafar mas'ul xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi, — dedi viloyat prokurori.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov

Istamov viloyatda aholi bandligini ta'minlash sohasida soxta ma'lumotlar kiritish va pul mablag‘larini talon-toroj etish bilan bog‘liq tizimli muammolarga hanuzgacha barham berilmaganligini ham aytib o‘tdi. Uning ma'lum qilishicha, Vobkent, Qorako‘l, Qorovulbozor, Shofirkon, G‘ijduvon, Olot va Buxoro tumanlarida 492 ta haqiqatda yaratilmagan ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilgan. G‘ijduvon, Romitan, Buxoro va Shofirkon tumanlarining bandlikka ko‘maklashish markazi mansabdor shaxslari tomonidan esa 114 mln 400 ming so‘m turli yo‘llar bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Sessiyada viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Aliyevning ham hisoboti tinglandi.

Shuhrat Aliyev

Aliyevga ko‘ra, 2020 yilda viloyat hududida jami 3570 ta jinoyat qayd etilgan. Bu 2019 yilga nisbatan 850 taga ko‘p. Qayd etilgan jinoyatlar 100 ming aholi soniga nisbatan o‘rtacha 184 tadan to‘g‘ri kelmoqda. Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 2820 tasi hisobot yilida, 750 tasi esa avvalgi yillarda sodir etilgan. Viloyatdagi 544 ta mahalladan 254 tasida jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa, 200 tasida jinoyatlar kamaygan, 90 tasida esa ko‘paygan. Viloyat hududida jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini ta'minlash maqsadida 2020 yilda viloyat bo‘yicha 5 ta bozor va 1 ta mahallada ichki ishlar bo‘linmasi tashkil etilgan.

Top