17:48 / 23.02.2021
31875

«Ishlashga vaqt qolmayapti» – Toshkent viloyatini majlislarsiz boshqarib bo‘lmaydimi?

Bugun, 23 fevral kuni soat 10:00da Toshkent viloyatida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va viloyatning yangi tayinlangan hokimi Davron Hidoyatov rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Yig‘ilishda mahallabay ishlash tizimi samaradorligiga doir masalalar muhokama qilingan.

Kun.uz manbasining aytishicha, soat 10:00dan sal o‘tib boshlangan yig‘ilish tushgacha davom etgan.

Shuningdek, bugungi yig‘ilishdan avval, 22 fevral kuni ham ertalabki soat 8:00da Davron Hidoyatovning topshirig‘i bilan uning o‘rinbosarlari, Toshkent viloyatidagi barcha tuman va shahar hokimlari, tegishli boshqarma boshliqlari va kotibiyat mudirlari ishtirokida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Viloyatning yangi hokimi Davron Hidoyatov imzosi bilan hududlarga yuborilgan telefonogrammada 22 fevral kuni kechki soat 20:30da viloyat va tuman sektor rahbarlari, shuningdek, boshqarma va tashkilot rahbarlari Zoom platformasi orqali onlayn yig‘ilishda qatnashishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Ko‘rib turganingizdek, viloyat mas'ullari mehnat qonunchiligiga zid ravishda 2 kun ichida 3 marta majburiy yig‘ilishga chaqirilgan. Bundan tashqari, 22 fevral kuni ertalab soat 8:00da yig‘ilishga chaqirilgan rahbarlar o‘sha kuni oradan 12 yarim soat o‘tgach yana majlisda o‘tirishga majbur bo‘lmoqda.

Kun.uz suhbatlashgan viloyat tashkilotlaridan biridagi lavozim egasi viloyatda yig‘ilishlar kun sayin ortib borayotgani, buning oqibatida ishlash va berilgan vazifalarni bajarish uchun vaqt deyarli qolmayotganini aytmoqda. Uning aytishicha, sutkaning deyarli 6-8 soati turli keraksiz yig‘ilishlarda o‘tmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kungi selektorda majlisbozliklar ko‘payib ketganini qattiq tanqid qilib, ruxsatsiz majlis qilgan rahbarlar ishdan ketishini aytgandi.

«Ko‘p amaldorlar majlisbozlikka kasal bo‘lgan. Buni davolaymiz. Bugundan boshlab majlis qilmoqchi bo‘lgan hokimlar administratsiyadan ruxsat olib, uzog‘i 40 daqiqalik majlis o‘tkazishi mumkin. Ruxsatsiz majlis o‘tkazgan amaldorlar ishdan ketadi», degan edi prezident.

Bundan tashqari, 10 fevral kuni davlat rahbari yana bir bor har qanday majlisbozlikni yig‘ishtirish kerakligini aytdi.

«Temir intizom kerak. Har qanday majlisbozlikni yig‘ishtirish kerak. Yig‘ilishlarni faqat mahallalarda o‘tkazinglar, xalq bilsin. Bosh vazirga topshiriq – mahalla raislari va uchastka nozirlarini hokimiyatga majlisga chaqirish qat'iyan taqiqlanadi», deya ta'kidlagandi prezident.

Top