17:43 / 23.02.2021
4385
«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi: Saida Mirziyoyeva ko‘z nuri tiklanayotgan jizzaxlik bolalar bilan uchrashdi

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida, ixtisoslashgan maktab-internatlarning ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi tarbiyalanuvchilarini davolash jarayonlari bir necha kun oldin boshlangan edi. Aksiya doirasida 478 nafar bolada jami 630 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.

Loyiha muallifi, Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva 22 fevral kuni jarrohlik amaliyotidan so‘ng ko‘rish qobiliyati yaxshilangan bir guruh bolalar bilan uchrashdi.

«Kecha biz Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi markazida 11 nafar bemor – Jizzaxdagi zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashgan maktab-internati o‘quvchilari bilan uchrashdik.

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi shifokorlar ko‘magida ko‘z nurini qaytarishga yordam berishda davom etmoqda va kun sayin quvonchli xabarlar soni ortmoqda, men ularning har birini sizga so‘zlab berishni istardim.

Masalan, operatsiya yordamida Isomiddinning ko‘rish qobiliyati 1 foizdan 30 foizga oshdi, Otabekdagi tug‘ma nuqson davolandi, Zaynurada esa estetik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, zamonaviy protez qo‘yildi va uning yuzi umuman boshqacha qiyofa kasb etdi. Ular baxtiyor, men ham ularni ko‘rib baxtliman.

Bu haqda ko‘p gapirish mumkin, yaxshisi videoni ko‘ring. Bu bolalarning har birini xayolan bag‘ringizga bosing, ular bunga loyiqdirlar!»deya uchrashuvdan tassurotlari bilan bo‘lishgan Saida Mirziyoyeva Telegram'dagi postiga video ham ilova qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 600dan ortiq jarrohlik amaliyotlariga kirishishdan oldin, xayriya aksiyasi doirasida respublikadagi ixtisoslashgan maktab-internat o‘quvchilari ommaviy tekshiruvdan o‘tkazildi.

Avvalroq, dastlabki bemorlar – 11 nafar jizzaxlik bolalarning 9 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi, ikki nafariga esa ko‘z protezlari qo‘yilishi ma'lum qilingandi.

Top