16:32 / 23.02.2021
32526
Ob-havo keskin soviganda tutatish orqali ekinlar va daraxtlarni sovuq urishidan asrash mumkin – vazirlik

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishtirokidagi brifingda O‘zbekistonda gullagan daraxt, sabzavot va ekinlarni sovuqdan asrash usullari ma'lum qilindi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi xabariga ko‘ra, 24-27 fevral kunlari O‘zbekistonga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi sababli harorat kechasi 17-22 daraja va kunduzi 10-15 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan mevali bog‘ va uzumzorlar, ertangi kartoshka va sabzavot ekinlarini sovuq urishidan asrash maqsadida vazirlik tomonidan ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etildi. Unga ko‘ra, mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish, mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash xashak, poxol, shox-shabba uyumlarini to‘plab, tutatish kerak bo‘ladi. Tutatishda shamol yo‘nalishi e'tiborga olinishi va olov alangalanib ketmasligiga e'tibor berish so‘raladi.

Ertangi kartoshka yerdan unib chiqqan bo‘lsa, egatni polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv quyishni tashkil etish va bu yerda ham tutatishni tashkil etish kerak.

Issiqxonalarda pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini tayyorlashni, bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish tavsiya qilinadi.

Vazirlik matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva tutun ushbu holatda issiqlik berishi hamda sabzavot va ekinlarni sovuqdan urishidan asrashini ta'kidlab o‘tdi. Sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga 2-3 darajadagi sovuq sezilarli ta'sir ko‘rsatmasligi ma'lum qilindi.

Top