07:24 / 24.02.2021
15900
Namangan viloyati hokimi o‘rinbosarlaridan biri o‘zgardi

Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari - Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Musoxon Oppoqov ishdan olinib, uning o‘rnini Shuhrat Musayev egalladi.

23 fevral kuni Namangan viloyat hokimligi majlislar zalida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirga qadar viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi bo‘lib ishlab kelgan Shuhrat Musayev viloyat hokimining o‘rinbosari — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

 

Shuhrat Musayev 1973 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1996 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. 

Mehnat faoliyatini 1996 yilda viloyat «Istiqbolstat» bosh boshqarmasi mutaxassisligidan boshlagan.
 
2000—2017 yillarda viloyat «Iqtisodstat» bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, viloyat Iqtisodiyot bosh boshqarmasining umumiqtisodiyot kompleksini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, viloyat hokimligi referenti, bosh mutaxassisi, kotibiyat mudiri, axborot-tahlil guruhi rahbari vazifalarida faoliyat yuritgan. 

U 2017 yildan shu kunga qadar viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi. 

Shuhrat Musayev viloyat hokimining 2021 yil 23 fevraldagi qarori bilan viloyat hokimining o‘rinbosari — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va viloyat boshqarmalari tashkil etilgandi. 2020 yil 21 fevralida vazirlikning Namangan viloyati boshqarmasida Musoxon Po‘latovich Oppoqov ish boshlagandi. U viloyat hokimi o‘rinbosari — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i hisoblanardi.

Ma'lumot uchun, Musoxon Oppoqov prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi davomida ishdan olingan Uychi tumani hokimi Muhammadayubxo‘ja Po‘latovich Apaqov (Oppoqov)ning akasi hisoblanadi.

Top