09:33 / 24.02.2021
3806
O‘zbekistonda zargarlik buyumlarini elektron tijorat orqali sotishga ruxsat berilmoqda

Prezident “Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining 2023 yil 1 martga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida yoki kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish tartibini joriy qilish bo‘yicha takliflari ma'qullandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2021 yil 1 apreldan boshlab:

a) zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi. Bunda zargarlik buyumlariga lazer usullari yordamida tushirilgan shaxsiy tamg‘aning haqiqiyligini tasdiqlash ishlab chiqaruvchining zimmasiga yuklanadi;

b) zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi bilan tamg‘alash usuli zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi;

v) affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi. Bunda, yombilarni sotish narxi hisob-kitob amalga oshirilgan sanadagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning kursidan kam bo‘lmagan miqdorda ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi;

g) qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi;

d) quyidagi hollarda qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish (ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma, ta'sis hujjatlari va boshqa ma'lumotlarni so‘rab olish) talab etilmaydi:

naqd pulda o‘zaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravaridan oshmagan taqdirda;

operatsiyaning umumiy summasidan qat'i nazar, o‘zaro hisob-kitob naqd pulsiz va jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilganda.

Bunda, mijoz, uning vakili va benefitsiar mulkdorning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga aloqadorligi haqida asoslangan shubhalar mavjud bo‘lgan holatlarda operatsiyaning summasi va to‘lov shaklidan qat'i nazar, mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish choralari ko‘rilishi lozim.

Buxoro, Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari Buxoro, Samarqand, Namangan va Qo‘qon shaharlari hududlarida joylashgan yirik bozorlarning zargarlik buyumlarini chakana sotishga ixtisoslashgan savdo rastalari o‘rnida milliy brend asosida ishlab chiqariladigan zargarlik buyumlarining zamonaviy ko‘rgazma-savdo do‘konlari va zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Top