08:09 / 24.02.2021
38031

Poytaxtda o‘zini huquq-tartibot idorasi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs kaltaklanishi oqibatida vafot etdi

2021 yil 18 fevral kuni soat 19:30larda 23 yoshli Ag‘zamjon X. Toshkent shahri Yashnobod tumani “Katta Qo‘yliq” MFYda joylashgan “Raimjon ota” kafesida tanishi, 28 yoshli Bobomurod M. bilan birgalikda spirtli ichimlik iste'mol qilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, suhbat davomida Bobomurod M. o‘zini “Milliy gvardiya va IIB xodimiman” deb, Ag‘zamjon X.ni shaxsiyatga teguvchi so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Qayd etilishicha, Ag‘zamjon X.da “senlar meni 10 sutkaga qamatgansizlar” deb unga nafrat uyg‘ongan va shu kuni soat 01:00larda Bobomurod M.ni “Katta Qo‘yliq” MFY hududidagi yerosti yo‘lagiga olib borib, u yerda tanasining turli joylariga oyoq va qo‘llari bilan tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Natijada, Bobomurod M. olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Ag‘zamjon X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida, marhum Bobomurod M. Milliy gvardiya xodimi emasligi, 2-guruh nogironi bo‘lib, hech qayerda ishlamasligi, Ag‘zamjon X. esa mardikorlik bilan shug‘ullanib bir necha marotaba ma'muriy huquqbuzarlik sodir etganligi tufayli unga nisbatan 10 sutka qamoq jazosi qo‘llanilganligi ma'lum bo‘lgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Top