22:42 / 24.02.2021
8866
Tanzila Norboyeva hokimlarning deputatlik kengashlariga raislik qilish amaliyoti qachon bekor bo‘lishi haqida gapirdi

«Biz hozir «yangi O‘zbekiston»ga o‘tish davridamiz. Bu jarayonda ziddiyatlar kuchaymoqda. Islohotlar qilishda ziddiyatlar kuchayyapti. Ziddiyat kuchaysa, har xil kuchlar bir-biri bilan nifoqqa boradi», degan Senat raisi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Bugun, 24 fevral kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining 2020 yil yakuniga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, hisobot yig‘ilishi davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva Xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar kengashlariga hokimlarning boshchilik qilishi amaliyotidan qachon voz kechilishi borasidagi savolga javob bergan.

«Xudo xohlasa yaqin kelajakda bo‘ladi. Yilini aniq aytolmayman, lekin shunga qarab ketyapmiz. Qanday ketyapmiz? Mana, Xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar kengashlarida kotibiyatlar bekorga tashkil qilinmadi-ku.

Shunday amaliyotda qolar ekanmiz, degan tushuncha bo‘lishi kerak emas. Bunga jamiyat ham tayyor bo‘lishi kerak. Bu jarayonda to‘polon, ur-yiqitlar bo‘lib ketishi kerak emas.

Biz hozir «yangi O‘zbekiston»ga o‘tish davridamiz. Bu jarayonda ziddiyatlar kuchaymoqda. Islohotlar qilishda ziddiyatlar kuchayyapti. Ziddiyat kuchaysa, har xil kuchlar bir-biri bilan nifoqqa boradi.

Shuning uchun, bu islohotlar sekin-sekin bo‘ladi. Men shuningdek, bu jarayonni juda uzoqqa cho‘ziladi, deb ham o‘ylamayman. Balki keyingi saylovlargacha bu to‘liq oxiriga yetar», – dedi Senat raisi.

Top