14:29 / 25.02.2021
7570
Foto: Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya BAA politsiya tizimi bilan tanishdi

Joriy yilning 20 - 24 fevral kunlari O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya BAA bosh vaziri o‘rinbosari – ichki ishlar vaziri Shayx Saif bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashish, Amirliklar Ichki ishlar vazirligi va politsiya tizimi faoliyati bilan tanishish hamda «IDEX - 2021» Xalqaro mudofaa va xavfsizlik ko‘rgazmasida ishtirok etish maqsadida ushbu mamlakatga rasmiy tashrif bilan bordi.

Ichki ishlar vazirligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 21 fevral kuni Po‘lat Bobojonov va BAA ichki ishlar vaziri shayx Saif bin Zoid Ol Nahayon o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar vazirliklar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, mavjud shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish, jinoyatchilikka qarshi kurash, Amirliklar Ichki ishlar vazirligi tizimida keng qo‘llanib kelinayotgan ilg‘or texnologiyalar, fuqarolarga elektron xizmat ko‘rsatish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida birgalikda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar hamda istiqbolli loyihalarni muhokama qildi.

21 fevral kuni IIV delegatsiyasi Abu-Dabida bo‘lib o‘tayotgan «IDEX-2021» Xalqaro mudofaa ko‘rgazmasi ochilishida ishtirok etdi. 110dan ortiq davlat delegatsiyalari qatnashgan xalqaro ko‘rgazmada 900dan ortiq eksponentlar namoyish qilindi, unga 70 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurdi.

Shuningdek, delegatsiya BAA Ichki ishlar vazirligi Kuch va vositalarni boshqarish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ma'lum qilinishicha, Amirliklar Ichki ishlar vazirligining Kuch va vositalarni boshqarish markazi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan «102» tizimining analogi hisoblanadi. Tizim mamlakat Ichki ishlar vazirligida mavjud bo‘lgan qurollar, transportlar va boshqa turdagi vositalarni nazorat qilish imkonini beradi, ayni vaqtda uni 10dan ortiq davlat organlari bilan integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda barcha texnikalar va politsiya xodimlarining shahar bo‘ylab real vaqt tizimida joylashuvini nazorat qiladigan tizimni ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi Strategik departamentida kelajakda paydo bo‘ladigan va rivojlanadigan jinoyat turlarini davrlar kesimida tahlil qilish va ularga o‘sha davr sharoitida kurashish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, kelgusi 3 yilda kiberjinoyatlarning yangi turlari eng katta xavf tug‘dirishi, 20 yildan so‘ng kosmik jinoyatlar paydo bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Dubay shahar politsiyasi boshlig‘i, general-mayor Abdulloh Xalifa Ol Marri bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Ma'lum qilinishicha, Dubay politsiyasi Kuch va vositalarni boshqarish markaziga shahardagi 20 mingdan ortiq kameralar faoliyati to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilingan.

Shahar qonunchiligiga ko‘ra, ko‘chmas mulk egalari o‘z mulklariga kameralar o‘rnatmasa jarimaga tortiladi. Sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida shaharda markaziy tizimga ulangan vertolyotlar xizmatidan foydalaniladi hamda mavjud bo‘lmagan ma'lumotlarni boshqa departamentlardan olish to‘liq elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, mavjud ma'lumotlar va elektron bazaga joylashtiriladigan jinoyatlar tahlili asosida jinoyatlar sodir etilishi mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlab beruvchi elektron tizim ishlab chiqilgan. U tomonidan berilgan prognozlar 68 foizgacha aniqlik namoyish qilgan.

Mazkur tizim qachon va qaysi hududda jinoyat sodir etilishi mumkinligini ham ko‘rsata oladi. Shundan kelib chiqib, mazkur hududlar qizil rangda aks ettirilib, patrul guruhlari faoliyati shu yerda kuchaytiriladi.

Dubay shahridagi turistik obektlar va tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida Dubay shahrida «Aqlli politsiya maskani – Smart police station» faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan. 7 tilda faoliyat ko‘rsatuvchi shunday markazlardan hozircha shaharda 11ta bor, yana 24ta qurish rejalashtirilyapti.

Top