20:51 / 25.02.2021
4809

Hindiston va Pokiston Kashmirda tinchlik o‘rnatishga kelishib oldi

Ikki mamlakat vakillari 25 fevraldan boshlab nazorat chizig‘i va boshqa hududlarda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat'iy amal qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: Anadolu Agency

Hindiston va Pokiston hukumatlari bahsli Jammu va Kashmir chegarasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha barcha shartnomalarga amal qilishga kelishib oldi. Bu haqda Onado‘lu agentligi xabar bermoqda.

Agentlikning xabariga ko‘ra, Hindiston va Pokiston harbiy operatsiyalar bo‘yicha bosh shtablari ikki mamlakatni ajratib turuvchi nazorat chizig‘ida otishmalarning oldini olish borasida muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qilgan.

"Tomonlar 25 fevraldan boshlab nazorat chizig‘i va boshqa hududlarda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat'iy amal qilishga kelishib oldi", – deyiladi xabarda.

Tomonlar shuningdek, chegarada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilish uchun "favqulodda aloqa liniyasi"ni yaratish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

Hindiston va Pokiston chegarada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha oxirgi marta 2003 yilda kelishuv imzolagandi, ammo so‘nggi vaqtda mintaqadagi vaziyat keskinlashdi.

Top