13:21 / 25.02.2021
9850
Samarqandda er turmush o‘rtog‘ini 35 ming dollarga chuv tushirdi

Samarqandda turmush o‘rtog‘ining 35 ming dollar puliga xonadon sotib olib, so‘ng, uni u yerdan sud qarori orqali chiqarib yuborgan shaxs ustidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yil 20 yanvar kuni 45 yoshli D.U. (ayol kishi) IIBga ariza bilan murojaat qiladi. Arizada yozilishicha, ayolning shar'iy turmush o‘rtog‘i 43 yoshli Sh.U. uning ishonchiga kirib 2012 yil 21 avgustda Samarqand shahar Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida joylashgan xonadonlardan birini keyinchalik D.U.ning nomiga o‘tkazib berishni va'da qilib yosh oilalarga beriladigan imtiyozli bank krediti asosida ukasi D.U.ning nomiga sotib oladi.

Shundan so‘ng, Sh.U. ayoldan mazkur xonadon uchun 2013 yildan 2017 yilning dekabr oyigacha 35 ming AQSh dollarini olib, bank kreditini to‘liq yopadi. Qarz yopilgandan so‘ng, Sh.U. sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilib fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudidan D.U.ni mazkur xonadondan chiqartirish haqida qarorni oladi va ayolni xonadondan chiqarib yuboradi.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Top