10:35 / 25.02.2021
6098
Yaponiyaning 12 kompaniyasi uyg‘urlarning majburiy mehnati bor bizneslarni to‘xtatyapti

Yaponiyaning yirik 12 kompaniyasi Shinjon muxtoriyati asosiy aholisi bo‘lgan musulmon uyg‘urlarning majburiy mehnatidan foydalanayotgan Xitoy kompaniyalari bilan biznes hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilishdi. Bu haqda Kyodo News axborot agentligi xabar bermoqda.

Thomas Peter/Reuters

Ta'minot zanjiridagi inson huquqlarining buzilishi borasidagi yapon kompaniyalariga bo‘lgan bosim ularni shunday yo‘l tutishga majbur qildi. Avvalroq AQSh va Buyuk Britaniya Shinjon muxtoriyatida ishlab chiqarilgan paxta va boshqa mahsulotlarga import cheklovlari belgilashgandi.

Bunday sanksiyalar joriy qilishda imillashda ayblangan Yaponiya hukumati Xitoy tarafdan bo‘ladigan reaksiyadan cho‘chib qaror chiqarishda ikkilanib turgandi.

O‘tgan yil berilgan bayonotda Avstraliya Strategik Siyosat instituti jahonning 80dan ortiq kompaniyasini «Shinjondagi uyg‘ur ishchilarining majburiy mehnatidan foydalanishdan bevosita yoki bilvosita aloqador» deb topgandi. Kyodo News yaqinda Yaponiyaning 14 kompaniyasidan qanday yo‘l tutmoqchiligi haqida fikr so‘ragandi.

Izoh berishdan bosh tortgan Panasonic korporatsiyasidan tashqari barcha kompaniyalar majburiy mehnatdan foydalanishda shubha qilinayotgan yoki foydalanayotgan kompaniyalar bilan bevosita hamkorlik qilishlarini rad etishgan yoki ayblanayotgan kompaniyalarga bildirilayotgan iddaolarni tasdiqlay olmasliklarini bildirishgan.

12 kompaniya majburiy mehnatdan foydalanadigan hamkorlar bilan biznesni to‘xtatmoqchi ekani yoki to‘xtatishni afzal ko‘rishlarini ma'lum qilishgan.

Majburiy mehnatdan foydalanishda shubha qilingan kompaniya bilan shartnomasi bor Toshiba korporatsiyasi iddaolarni tasdiqlay olmasligi, lekin yil oxirigacha shartnomani bekor qilishini bayon etgan.

Shuningdek, yana 12 kompaniya, jumladan, Fast Retailing, Uniqlo kiyim brendi, Sony korporatsiyasi, Hitachi korporatsiyalari ham shartnomalarni bekor qilish haqida qarorga kelishgan.

Ko‘pgina xorijiy kompaniyalar inson huquqlari holati to‘g‘risida firmalarning o‘zlari bergan hisobotga ishongani sababli, ular bevosita biznes sheriklaridan tashqari vaziyatni anglash muammosiga duch kelishmoqda.

Muji brend tovarlar operatorining muassisi Ryohin Keikaku AQSh tomonidan embargo qo‘yilgan Xitoy kompaniyalari bilan ishlaydigan uch yapon firmalaridan biridir.

«Bizning barcha paxta va iplarimiz uchinchi taraf tomonidan halqaro darajada sertifikatlanadi», deyiladi kompaniya bayonotida.

Ushbu riteyler «Shinjon paxtasi» degan yorliqli tovarlar sotib kelayotgandi, lekin Kyodo News’ning tadqiqotidan keyin bunday yozuvlar olib tashlandi.

Top