08:48 / 26.02.2021
3528
Bekobodda 200 mln so‘mga giyohvand modda sotishni reja qilgan shaxs ushlandi

Joriy yilning 23 fevral kuni Bekobod tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Uning davomida, Toshkent shahrida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan (ilgari Jinoyat kodeksining 276-moddasi bilan aybli deb topilgan) Abdurashid T. Bekobod tumani “Istiqbol” MFY hududida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Fuqaroni ko‘zdan kechirish davomida qo‘lida bo‘lgan sumkasida skotch bilan o‘ralgan holda to‘q yashil rangli, vazni 1 kg.ga teng “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, hujjatlashtirilib olingan.

O‘tkazilgan suhbat davomida Abdurashid T. “gashish” giyohvandlik vositasini Tojikistondan chegara aylanma yo‘llar orqali yashirin tarzda olib o‘tganini va uni Toshkent shahriga 200 million so‘mga sotish maqsadida olib ketayotganini ma'lum qilgan.

Holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Bekobod tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan ushbu giyohvandlik vositasi manbasini aniqlash maqsadida tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top