12:49 / 27.02.2021
1332
Ekologik xavfli mahsulotlarni olib kirish ustidan nazorat kuchaytirildi

Vazirlar Mahkamasining «Ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Medium

Norma’ning yozishicha, qaror bilan O‘zbekiston hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqishda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
 
Nizom qoidalari alohida belgilangan tartibda respublika hududidan tranzit o‘tadigan maxsus yuklarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni olib kirish va olib chiqish Ekologiya qo‘mitasi tizimida akkreditatsiyadan o‘tgan ekologik sertifikatlash organi tomonidan berilgan ekologik sertifikatga asosan amalga oshiriladi.
 
Nizomga muvofiq, Bazel konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lmagan davlatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxati tasdiqlangan ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni respublika hududiga olib kirishlari va respublika hududidan olib chiqishlari qat'iyan taqiqlanadi.
 
Ekologik sertifikatni olish uchun ariza beruvchi «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri ekologik sertifikatlash organiga ariza bilan murojaat etadi.
 
Ariza beruvchi tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • tasdiqlangan shaklga muvofiq rasmiylashtirilgan ekologik sertifikatlashni o‘tkazish uchun ariza. Unda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarning nomi, miqdori, TIF TN kodi ko‘rsatiladi;
  • ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni olib kirish uchun – invoys/hisobvaraq-faktura, yukxat hamda olib chiqish uchun – invoys/hisobvaraq-faktura;
  • olib kirilayotgan ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarning aniq hajmi ko‘rsatilgan tashqi savdo shartnomasi va mahsulotlarni yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi o‘rtasida tuzilgan kelishuv nusxasi (ekologik sertifikatlashtirish bir yilga amalga oshirilganda talab etiladi).

Ekologik sertifikat o‘zbek yoki rus tillaridagi belgilangan namunadagi blankada quyidagi muddatlarga beriladi:

  • bitta tashqi savdo shartnomasi va kelishuv nusxasiga asosan – 1 kalendar yildan oshmagan muddatga;
  • ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarning har bir turiga – 1 yildan oshmagan muddatga;
  • seriyali ishlab chiqarish uchun – 3 yil muddatga.
Top