19:54 / 27.02.2021
2129
SSV: Tez tibbiy yordam xizmati bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamkorligida tez tibbiy yordam tizimini raqamlashtirish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.  

SSV matbuot xizmatining sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov bilan qilgan suhbatida aytilishicha, bu jarayonda chaqiriqlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tez tibbiy yordam brigadalariga yetkaziladi.

“Avvallari chaqiriq haqidagi barcha axborotlar dispetcher tomonidan qog‘ozga tushirilib, so‘ng telefon orqali brigadalarni yo‘naltiruvchi ikkinchi dispetcherga va undan keyin brigadaga xabar berilar edi. Bu jarayon uchun ko‘p vaqt talab etilar va ba'zi hollarda tez yordam mashinasi kechikishiga ham sabab bo‘lardi. Endilikda chaqiruvni yetkazish vaqti sezilarli darajada kamayadi”,- deydi vazir o‘rinbosari.

Ta'kidlanishicha, yangi tizim ishga tushirilishi bilan:

  • chaqiriq manziliga eng yaqin bo‘sh turgan tez tibbiy yordam brigadasiga xabar uzatish;
  • tez tibbiy yordam mashinalari harakatini onlayn kuzatib borish va ma'lumotlarni onlayn olish;
  • shifokor ovozini avtomat shaklda matnga o‘girish;
  • kasalliklarning kunlik, oylik va yillik dinamikalarini kuzatib borish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, tez tibbiy yordam tizimida Sall-markazlar tashkil etilib, u yerda shifokorlar ham faoliyat yuritmoqda. Ya'ni shoshilinch holatlarda “tez yordam” mashinasi yetib borgunga qadar mutaxassis tomonidan telefonda bemorga yoki yaqinlariga tegishli ko‘rsatmalar, birinchi yordam ko‘rsatish haqida maslahatlar berib turiladi. Ayrim surunkali kasalligi bor fuqarolar ham istagan paytda bu markazlarga qo‘ng‘iroq qilib maslahat olishlari mumkin bo‘ladi.

“Tibbiyot rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, masalan, Daniyada chaqiriqni tajribali shifokor qabul qiladi. Mutaxassis qisqa savollar orqali bemorning holatini aniqlab, zaruratdan kelib chiqqan holda bemorni oilaviy shifokor yoki ushbu hududdagi navbatchi shifokorga yo‘naltiradi yoxud bemorga tez tibbiy yordam brigadasini yuboradi. Tez tibbiy yordam brigadasini jo‘natgandan ko‘ra navbatchi shifokorni taksida bemorning uyiga jo‘natish davlat uchun ancha arzon tushadi. Umuman olganda, rivojlangan mamlakatlarda tez tibbiy yordam brigadasi tashrif buyurganda 80 foizdan ortiq holatda bemorlarga shoshilinch ravishda davo choralarini ko‘rish uchun shifoxonalarga yetkaziladi. Bizda esa bu ko‘rsatkich 15-25 foizni tashkil etadi”,- deya izoh beradi Abdulla Azizov.

Raqamlashtirish jarayoni Jahon banki hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Avvalroq Abdulla Azizov tez tibbiy yordamning xonadonlarga bir marta borib-kelishi o‘rtacha 150 ming so‘mga tushishini aytgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev ham o‘z telegram kanalida ayrim holatlarda «tez yordam» mashinasi murojaat kelib tushgan joyga kechikib borishi holatlariga izoh berib, bunga yo‘llarda «tez yordam» mashinasiga yo‘l berilmasligi, manzillar aniq ko‘rsatilmasligi, asossiz va yolg‘on chaqiriqlar uchrashini sabab sifatida ko‘rsatgandi.

Top