15:47 / 27.02.2021
22829

Tanqiddan so‘ng: Dastlabki tergov va sudda jazodan «qutulib» qolgan kitoblik yigit qamoqqa olindi

Harbiy bo‘lishni orzu qilgan kitoblik Shahzodni urib, bir ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan Dadaxon tergov organi va sudning «mahorati» o‘laroq jazodan qutulib qolgan edi. Kun.uz curishtiruvidan so‘ng qayta ko‘rib chiqilgan sud ishida yarashuv to‘g‘risidagi ajrim bekor bo‘ldi va ish qo‘shimcha tergovga qaytarildi. Qo‘shimcha tergovda Dadaxonning asl qilmishlari fosh etilib, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Kun.uz saytida «Kitobda yolg‘iz o‘g‘il pichoqlandi va bir ko‘zidan ajraldi: zarar qoplanmadi, ish esa «bosti-bosti» qilindi» sarlavhasi ostida jurnalistik surishtiruv e'lon qilingan edi.

Unga ko‘ra, 2020 yilning 2 mart kuni Kitob tumanida istiqomat qiluvchi voyaga yetmagan, 17 yoshli Shahzod Usmonov o‘zi uyida ijarada turgan xolavachchasi tomonidan hujumga uchrab, og‘ir tan jarohati olgani, holat Kitob tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchilari tomonidan noto‘g‘ri malakalanib, yarashuv kelishuvi tuzilib sudga oshirilgani, oqibatda jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar mutlaqo qoplanmasdan, hujum qilgan shaxs jazodan qutulib qolgani bayon etilgan edi.

Bugun, 27 fevral kuni jurnalistik surishtiruvda bayon etilgan voqea yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, Kitob tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan mazkur voqea yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tergov natijalari, jumladan, gumonlanuvchi Dadaxon X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 111-moddasi 2-qismi (ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bekor qilingan. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudining Kitob tumani IIB tergov bo‘linmasi tergovchisining «tomonlarning yarashgani» haqidagi hujjatlariga tayanib chiqargan ajrimi jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan bekor qilingan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, viloyat IIB tergov boshqarmasi tomonidan hodisa yuzasidan qayta tergov harakatlari o‘tkazilgan va mazkur jinoyat ishida gumondor bo‘lgan Dadaxon X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «v» bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 20 fevral kuni jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «v» bandidan 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish)ga qayta malakalangan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlari Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingani va Bosh prokuraturaga so‘rov yuborilgani ma'lum qilingandi.

Shuningdek, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi IIVdan mazkur holat bo‘yicha Kitob tumani IIB xodimlarining xatti-harakatlarini atroflicha tahlil qilib, qonuniy chora ko‘rishni va natijasi bo‘yicha tegishli axborot taqdim etishni so‘ragan. Bundan tashqari, Senat axborot xizmati bayonotida Qashqadaryo viloyat sudi mutasaddilari tomonidan jinoyat ishi xolisona ko‘rilishi, adolat negizida qaror qabul qilinishini nazoratga olish so‘ralgan.

Tahririyatdan: Kitobda yuz bergan mazkur voqea yuzasidan jurnalistik tekshiruvlarini olib borgan va tahliliy material tayyorlagan Kun.uz maxsus muxbiri Shuhrat Shokirjonovning ustidan Kitob tuman IIB tergovchisi Hulkar Ne'matova shikoyat yozgan. Uning bu murojaati ayni paytda Kitob tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Top