14:21 / 27.02.2021
4071
Xayrulla Bozorov Senat a'zosi etib saylandi

Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarining Oliy Majlis Senati a'zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Farg‘ona viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, majlis kun tartibiga bitta masala — bugungi kunda Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘shab qolgan ikkita o‘ringa Oliy Majlis Senati a'zolarini saylash masalasi kiritildi.

Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarining Oliy Majlis Senati a'zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisida yashirin ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. 

Sanoq komissiyasining hisoboti tinglandi. Unga ko‘ra, 2-Mirzo Ulug‘bek saylov okrugi bo‘yicha xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, viloyat hokimi Xayrulla Bozorov, 31-Quva saylov okrugi bo‘yicha viloyat kengashi deputati, viloyat ona va bola skrining markazi direktori Manzura Salimova Oliy Majlis Senati a'zosi etib saylandi.

Deputatlar ovoz berish natijalarini tasdiqladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 fevral kuni Farg‘ona shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 2020 yil sentyabr oyidan buyon Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajarib kelgan Xayrulla Bozorov Farg‘ona viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
 
Avvalroq, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ham Senat a'zosi etib saylangandi.

Top