08:40 / 28.02.2021
12319
Bayden AQShning Suriyaga bergan zarbasi sababini tushuntirdi
Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden kongressga yo‘llagan maktubida Suriyaga berilgan aviazarba sababini tushuntirdi. Uning ta'kidlashicha, Suriyadagi Eronni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar amerikalik harbiylarga qarshi yangi hujumlar tayyorlagan.

“25 fevraldagi buyrug‘im bilan AQSh qurolli kuchlari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi nodavlat guruhlar foydalanadigan infratuzilmaga aniq zarba berdi”, deb aytilgan maktubda.  

Ta'kidlanishicha, ushbu ko‘ngilli guruhlar AQSh va koalitsiya harbiylariga qarshi hujumlarga, jumladan 15 fevralda Erbilda sodir etilgan hujumlarga aloqador hisoblanadi. Bundan tashqari, amerikaliklarga qarshi yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rilgan. 

Zarbalar berilgandan keyin Pentagonda hujumni amalga oshirishda harbiylar Iroqdan olingan razvedka ma'lumotlariga tayanishgani aytilgan.

AQSh mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbi ma'lumotlariga ko‘ra, aviazarbalar 2ta F-15 qiruvchi samolyoti yordamida Iroq bilan chegarada joylashgan Abu-Kamol shahridagi obektlarga berilgan. Natijada ko‘ngilli guruhlarga tegishli 9ta obekt yo‘q qilingan, yana 2tasiga jiddiy ziyon yetgan. 

Bayden aviazarbalardan keyin Eronni harakatlari javobsiz qolmasligidan ogohlantirgan.

Top