23:33 / 28.02.2021
15220
Intellekt uchun 1,7 mlrd so‘mga yaqin mukofot – “Zakovat” klubining ilk kastingidan fotoreportaj

28 fevral kuni Humo Arena saroyida “Zakovat” intellektual klubi a'zoligiga Toshkent viloyati va shahridan ariza topshirganlar uchun kasting o‘tkazildi.

“Zakovat” intellektual klubiga a'zo bo‘lish uchun ariza berganlar soni 13 mingdan oshgan. Ularning 11 111 nafari yakka tartibda ariza topshirganlar bo‘lsa, 1 932 kishi 322 ta jamoaga birlashgan holda ro‘yxatdan o‘tgan. Toshkent viloyati va shahrida kasting uchun ham minglab yoshlar yig‘ildi.

“Bunchalik ko‘p ishtirokchi bilan o‘tkazilgan intellektual o‘yin hali dunyoda bo‘lmagan. Bu dunyo bo‘yicha rekord darajada ishtirokchilar qatnashayotgan intellektual o‘yin bo‘lmoqda.

“Zakovat” 20 yildan beri ekran orqali ilm ziyosini tarqatishdek savobli ish bilan shug‘ullanmoqda. 20 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanayotgan inson sifatida bugungi kun hayotimdagi eng quvonchli kunlardan biri, deb ayta olaman. Bundan 20 yil oldin mart oyida “Zakovat” ilk bor tashkil topgandi. Bugun esa “Zakovat” qaytadan tug‘ildi”, deya yangi a'zolarni tabrikladi “Zakovat” teleboshlovchisi Abdurasul Abdullayev kastingda.

Kasting boshlanishida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov ham so‘zga chiqib, yoshlarga omad tiladi.

“Bugun oldingizda imkoniyat eshiklari yana lang ochildi. Ulardan samarali foydalanaylik. Aslida, o‘zi bugun shundoq ham kechga qolib bo‘ldik, ertaga esa yanada kech bo‘ladi. Vaqt bizga qarshi ishlayapti. Lekin hechdan ko‘ra, kech bo‘lsa ham, zudlik bilan oldinga qadam qo‘yaylik. 

Men klubimizning har bir a'zosini olamga keng qarashga, ulkan maqsadlar qo‘yib, ular sari intilishga, o‘z ustida ishlashga, orzularini cheklamaslikka, hech qachon taslim bo‘lmaslikka va hech kimga, ilm yo‘lidagi shahdingizni so‘ndirmoqchi bo‘lgan hech kimga quloq solmaslikka chaqiraman”,- dedi Komil Allamjonov yoshlarga murojaat qilib.

Fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham so‘zga chiqib, klubga a'zo bo‘lgan xotin-qizlarni tabrikladi, ularni faol bo‘lishga chaqirdi.

“Xotin-qizlarimiz qanchalik faol, ilm-fan, madaniyat va tadbirkorlikka, siyosiy jarayonlarga qancha ko‘p hissa qo‘shadigan bo‘lsa, yurtimizda baxtli va hayotidan mamnun ayollar shuncha ko‘p bo‘ladi. Aminmanki, xonadonida namunali beka, pazanda opa-singillarimiz o‘zlarini ilm maydonida ham bemalol namoyon qila oladilar”, dedi Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida.

“Zakovat” turnirlari uchun 1 mlrd 690 mln so‘m ajratilgan. Toshkent shahri va viloyati o‘yinlari uchun ajratilgan yutuq fondi esa 130 million so‘m. Ajratilgan mablag‘ breyn-ring tanlovlari tashkil etilib, unda g‘olib bo‘lgan jamoalarga taqdim etiladi.

Ochilish marosimidan so‘ng klub a'zoligi uchun individual tarzda ariza topshirganlar uchun 20ta tezkor va 10ta mantiqiy savollar o‘qib eshittirildi.

Kastingdan so‘ng barcha ishtirokchilarning reytingi tuziladi. Ana shu reyting asosida qatnashchilar 6 kishilik jamoalarga taqsimlab chiqiladi. Bunda taqsimlash reytingdagi ketma-ketlikka asoslangan holda amalga oshiriladi. Masalan, 1-o‘rindan 6-o‘ringacha bo‘lgan ishtirokchilar bitta jamoa, 7-12-o‘rinlardagi a'zolar keyingi jamoaga birlashtiriladi.

Yakka tartibda ro‘yxatdan o‘tganlar reytingdagi o‘rnidan qat'i nazar o‘zaro kelishgan holda o‘z tashabbusi bilan bir jamoaga birlasha olishmaydi.

“Bu kastingdan hech kim yiqilmaydi. Hamma qatnashish imkoniga ega bo‘ladi, ya'ni hamma natijasiga qarab jamoalarga taqsimlab chiqiladi”, deya ma'lumot berdi “Zakovat” intellektual klubi a'zosi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Ishtirokchilar qaysi jamoaga tushganligi va jamoadoshlari ro‘yxati bilan www.zakovat.tv sayti orqali tanishishlari mumkin bo‘ladi.

 

Top