23:52 / 28.02.2021
10166
Quruq gaplardan amaliy ishlarga o‘tmasak, keyingi 100 yilda ham kosamiz oqarmasligi aniq – Komil Allamjonov ilm trendga chiqishi zarurligi haqida

“Zakovat” intellektual klubi kastingi ochilish marosimida Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov so‘zga chiqib, yoshlarni ilm olish yo‘lida chekinmaslikka, hech kimdan hech narsa kutmasdan, chegara qo‘ymasdan yashashga chaqirdi.

Bugun, 28 fevral kuni “Zakovat” intellektual klubiga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan a'zo bo‘lish uchun onlayn ariza topshirganlar uchun kasting o‘tkazildi. Ilk bora Humo Arena saroyida katta bayram tadbiri sifatida o‘tkazilgan intellektual kastingda hududlardan ro‘yxatdan o‘tgan minglab ko‘ngillilar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov nutqini Munavvarqori Abdurashidxonovning 1923 yili aytilgan “Bugungacha Ovrupo xalqi osmong‘a uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupoliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiya va tabiyot o‘qitish, o‘qitmaslik ixtiloflari davom etadi”, jumlasi bilan boshladi.

“Yaqinda bir post yozgandim, orangizda balki uni o‘qiganlar ham bordir. Xullas, uning mazmun ma'nosi shunday edi: Birlashgan Arab Amirliklari tadqiqot o‘tkazish uchun kosmik apparatlarini Marsga uchirib maqtanayotgan bir paytda biz asosan ikir-chikir,mayda-chuyda masalalar yoki ig‘vo-g‘iybatlar bilan ovoramiz. 

Bu post ancha bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Mingdan ortiq izohlar qoldirildi. Ular orasida Munavvarqorining hozirgina aytilgan so‘zlariga ko‘zim tushib, hayron bo‘ldim. Qarang, oradan 100 yil o‘tsa ham, holatimiz o‘sha-o‘sha ekan. Tuzum o‘zgargan, siyosat o‘zgargan, davr o‘zgargan, bizning dunyoqarashimiz esa hali ham o‘sha-o‘sha”, deya qayd etdi fond raisi o‘z nutqida.  

Komil Allamjonov ixtirolar, yangiliklar va inqilobiy o‘zgarishlarni faqat televizordan ko‘rib, ajdodlar bilan faxrlanib yashashdan tashqari ilmni trendga chiqarish zarurligi haqida gapirdi.

“Hadeb o‘tmishdagi allomalar bilan quruq faxrlanib yuravermay, she'rxonlik va g‘azalxonlikdan tashqari tabiiy fanlar, laboratoriyalar, olimlarning tadqiqotlari va kashfiyotlarini, umuman ilmni trendga chiqarish kerakligi haqidagi fikrlarim kimgadir yoqdi, kimgadir yoqmadi.  

Lekin fikrim qat'iy! Har birimiz bugun dunyoqarashimizni kengaytirmas ekanmiz, o‘z-o‘zimizga qo‘ygan chegaralarni olib tashlamas ekanmiz, muammoga duch kelganda darrov hafsalamiz pir bo‘laversa, faqat kimdandir, nimadir kutib yashayversak va quruq gaplardan amaliy ishlarga o‘tmasak, keyingi 100 yilda ham kosamiz oqarmasligi aniq”, dedi u ochilish marosimidagi nutqida. 

Top