09:03 / 01.03.2021
10996
«Ko‘pchilik oddiy ishchi yoki dehqon bolasida «ministr» bo‘lish imkoni yo‘q deb o‘ylaydi» – Komil Allamjonov o‘zi duch kelgan qiyinchiliklar haqida gapirdi

Komil Allamjonov muvaffaqiyatga erishish uchun qanday oila farzandi bo‘lishning ahamiyati yo‘qligi, oilada bolalarga nisbatan ishonch muhiti shakllantirilishi lozimligi haqida gapirdi. “O‘qib, shahar oberarmiding?”, “Podderjka qiladigan kimimiz bor, nimangga ishonyapsan?”, “Hadeb kitob titgandan ko‘ra, bor, mol-holga qarasang-chi”, degan gaplarni ko‘p oilalarda eshitamiz. Balki o‘zimizga ham aytilgandir bunday gaplar. Shunaqa gaplarni eshitgan bola qaddi bukik, bo‘yni egik, hayotdan hafsalasi pir bo‘lib voyaga yetishi aniq”, dedi Komil Allamjonov.

Joriy yilning 28 fevral kuni “Zakovat” intellektual klubiga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan a'zo bo‘lish uchun onlayn ariza topshirganlar uchun kasting o‘tkazildi. Ilk bora Humo Arena saroyida katta bayram tadbiri sifatida o‘tkazilgan intellektual kastingda ro‘yxatdan o‘tgan minglab ko‘ngillilar ishtirok etdi.

Tadbirda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov so‘zga chiqib, bolaligi, hayotda duch kelgan qiyinchiliklari va ulardan chiqish yo‘llari haqida gapirib berdi.

“Qoraqamishlik, 90-yillarning bolasiman. Dadam oddiy avtoslesar, oyim 3-tug‘uruqxonada hamshira bo‘lib ishlaganlar. Maktabda o‘rtacha o‘qiganman. Sho‘xroq bo‘lganman.  Litseyimiz direktori doim “seni maktabdan haydayman”, deb po‘pisa qilardi. Ammo onam meni oliy ma'lumotli, ziyoli odam bo‘lishimni orzu qilardilar. Buvim esa doim: “Shu bolam ministr bo‘ladi”, derdilar. Lekin bu gapga hech kim ishonmasdi. Chunki aksariyat odamlarimiz ishchi yoki oddiy dehqon oilasining bolasida bunday imkoniyat yo‘q, deb hisoblaydi. Men esa hech qachon, hech qanday vaziyatda, hatto institutdan haydalganimda ham taslim bo‘lmaganman.

O‘shanda oyim: “Oh, bolam-a! Mayli siqilma, rabochiyni bolasi rabochiy bo‘larkan-da”, deganlarida ichim zil ketgan. Undan ko‘ra bir tarsaki tushirsalar yaxshi bo‘lardi. 

Televideniyedan arzimagan lavhani deb haydashganda ham, biznesim kasod bo‘lib, aqlga sig‘maydigan darajada zarar ko‘rganimda ham, obro‘yim, sha'nimni yer bilan yakson qilishmoqchi bo‘lganida ham yengilmaganman! Faqat yaxshi niyat va tinimsiz harakat, asosiysi, Allohga tavakkal qilish bilangina o‘ylagan natijalarimga erishib kelyapman”, deya qiyinchiliklardan qanday o‘tgani haqda gapirib berdi Komil Allamjonov.

Mass-media fondi raisining ta'kidlashicha, bolaning shakllanishida oilaviy muhit, ota-onaning o‘rni, ta'siri juda katta.

“O‘qib, shahar oberarmiding?”, “Podderjka qiladigan kimimiz bor, nimangga ishonyapsan?”, “Hadeb kitob titgandan ko‘ra, bor, mol-holga qarasang-chi”, degan gaplarni ko‘p oilalarda eshitamiz. Balki o‘zimizga ham aytilgandir bunday gaplar. Shunaqa gaplarni eshitgan bola qaddi bukik, bo‘yni egik, hayotdan hafsalasi pir bo‘lib voyaga yetishi aniq. O‘ziga ishonchi bo‘lmagan, birovga qaram millat ana shunday shakllanadi. 

Biz qanday maqsadlar bilan, nima uchun yashaymiz o‘zi, degan savolga javob har doimgidek o‘sha-o‘sha: “uchastka” qurish, “inomarka” minish, qarzga botib bo‘lsa ham dabdabali to‘y qilish... Uyog‘iga – choyxonabozlik. Hayotimiz mazmuni – shu”, dedi Allamjonov.

Komil Allamjonov yoshlarni bu qarashlardan voz kechib, o‘z ustida ishlashga, taslim bo‘lmaslikka, ilm olish motivatsiyasiga salbiy ta'sir qiladigan ovozlarga quloq tutmaslikka chaqirdi.

Top