15:11 / 01.03.2021
11238
Pashinyanning iste'fosini talab qilayotgan namoyishchilar hukumat binosiga bostirib kirishdi

1 mart kuni kechqurun muxolifat Pashinyanning iste'fosini talab qilib navbatdagi namoyishni o‘tkazadi.

Foto: Vagram Bagdasaryan/TASS

Armaniston poytaxti Yerevanda bir necha o‘nlab namoyishchilar hukumat binolaridan biriga bostirib kirishdi.

Xabar qilinishicha, bosh vazir Nikol Pashinyanning iste'fosi talab qilinayotgan norozilik namoyishi "Dashnaksutyun" muxolifatchi partiyasi tomonidan uyushtirilgan.

"Biz Pashinyanning iste'fosini talab qilamiz. Ushbu aksiyamiz orqali biz uchun yopiq eshiklar yo‘qligini va har qanday hukumat binosiga kira olishimizni ko‘rsatib qo‘ydik", - degan namoyishchilardan biri.

Ma'lumot berilishicha, 1 mart kuni kechqurun muxolifat Pashinyanning iste'fosini talab qilib navbatdagi namoyishni o‘tkazadi.

25 fevral kuni Armaniston qurolli kuchlari bosh vazir va hukumatning iste'fosini talab qildi. Pashinyan bunga javoban davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lganligini e'lon qildi va mamlakat prezidentiga Armaniston qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyanni lavozimidan bo‘shatish to‘g‘risida taqdimnoma kiritdi.

Muxolifat 2020 yil noyabrda Tog‘li Qorabog‘dagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolanganidan buyon Pashinyanning iste'fosini talab qilmoqda.

Top