17:33 / 01.03.2021
6894

«Sardoba fojiasi aybdorlari oshkor qilinmasligi haqidagi xavotirlar o‘rinsiz» – Tanzila Norboyeva

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva Sardoba fojiasi sabablari va aybdorlari albatta jamoatchilikka ma'lum qilinishini aytib, bu ma'lumotlar oshkor bo‘lmay qolinishi haqidagi xavotirlar o‘rinsiz ekanini ta'kidladi. U bu haqda «Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomovaga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tgan.

«Sardoba fojiasi aybdorlari oshkor qilinmasligi haqidagi xavotirlar o‘rinsiz. Kimda-kim qandaydir ayb qilgan bo‘lsa, jinoyat qilgan bo‘lsa, albatta javob beradi va bu oshkora e'lon qilinadi. Jinoyat bo‘lgandan keyin albatta tekshiruv bo‘ladi, aybdorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi va bu jamoatchilikka ma'lum qilinadi.

Hozir hech narsa yashirincha qolmaydi. Odamlarga hamma ma'lumot yetib boryapti, fuqarolarimiz hamma narsani eshitishadi. Ba'zida ayrim narsalarni Senat bilmay qolishi ham mumkin, lekin odamlar birinchi bo‘lib undan xabar topishadi. Odamlarning qaysidir voqea yo hodisa bo‘yicha axborot berilishini talab qilishi to‘g‘ri talab deb hisoblaymiz. Albatta, odamlar bo‘layotgan ishlardan xabardor bo‘lishi hamda har bir holatdan keyin davlat xulosalar qilishi kerak va qilyapti ham.

Masalani tag-tagigacha o‘rganib, bundan keyin bu xato bo‘lmasligi uchun tizimda o‘zgarishlar bo‘lyapti. Shunchaki bitta odamni olib borib jazolab qo‘yish bilan ish bitmaydi. Ertaga shu xatoni boshqa odam ham qilishi mumkin. Chunki xatoning tagida uni yuzaga chiqargan sabablar, omillar bor», degan Tanzila Norboyeva.

Senat raisi intervyu davomida fojiani keltirib chiqargan barcha omillarga huquqiy baho berilishi, tekshiruv natijalari asosida gidroenergetika sohasida tizimli o‘zgarishlar amalga oshirilishini aytib o‘tgan.

«Sardoba fojiasi – texnogen avariya, tegishli idoralar tomonidan fojianing sabablari o‘rganilyapti. Ularning hammasidan albatta xulosalar qilinadi. Bu bo‘yicha mutasaddilar javobgarlikka tortiladi. Bunda biror odamni qamab qo‘yish bilan kifoyalanib qolinmaydi. Aksincha, avariyaga olib kelayotgan omillar nimadan iborat ekani, masalan, sement ishlab chiqarish zavodida muammo bormi, fojiaga pudratchilar yoki quruvchilar sababchi bo‘lishganmi, qayerda yana qanday muammolar borligi o‘rganiladi va albatta tizimli choralar ko‘riladi. 

Odamlarni jazolash bilan muammo hal bo‘lmaydi. Bu yerda tizimli muammolar bor. Masalan, geologiya ishlari yaxshi o‘tkazilmagani Sardoba fojiasiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki suv ombori joylashgan yer, tuproq zichligi yaxshilab o‘rganilishi kerak. Tuproq omborga yig‘iladigan suvni ko‘tara oladimi-yo‘qmi, bu o‘rganilganmi, loyiha puxta qilinganmi, barcha tomonlari hisobga olinganmi-yo‘qmi, bu ham juda katta muammo. Bularning barchasiga baho berilishi kerak», deydi u.

  • Eslatib o‘tamiz, 7 yil davomida qurilgan Sardoba suv omborida 2020 yilning 1 mayida o‘pirilish sodir bo‘lgandi. Voqea oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, bir kishi bedarak ketgan. Suv toshqini natijasida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetgan. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘lgan, uchta tumandagi 22ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan edi.
  • Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sha kunlarda Sirdaryo viloyatiga bir necha bor tashrif buyurgan, tergov yakunlari bo‘yicha barcha aybdorlar, kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, qonun oldida javob berishini aytgan.
  • May oyida Senat Sardoba masalasida hukumatdan hisob so‘rashi xususida ijtimoiy tarmoqlardagi savollarga to‘xtalib, holat bo‘yicha DXX tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, hozir tergov ishlari olib borilayotgani, bu masala davlat rahbarining shaxsiy nazoratida ekanini aytish bilan cheklangandi.
  • 2020 yilning 25 dekabrida 17 kishiga nisbatan «Sardoba ishi» bo‘yicha sud boshlangani, bevosita davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli ish yopiq tarzda ko‘rilayotgani xabar qilingan edi. Oradan o‘tgan 2 oy davomida sud ishi tafsilotlari jamoatchilikka ma'lum qilingani yo‘q.
Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top