12:16 / 01.03.2021
4780

Toshkentda yuk mashinasi issiqlik quvurlariga kelib urildi. Ayrim hududlarda issiqlik ta'minoti o‘chirildi

Foto: Vyatka-grad.ru

Joriy yilning 24 fevral kuni soat 22:00larda Toshkent shahrining Yashnobod tumani Ohangrabo ko‘chasida joylashgan 17-, 20-, 2-uylar va 435-MTTga olib boruvchi issiqlik quvurlariga og‘ir yuk mashinasi kelib urilganligi oqibatida havodan o‘tuvchi issiqlik quvurlarida avariya holati vujudga kelgan. 

Yashnobod tumani hokimligi xabariga ko‘ra, hozirgi kunda “Toshissiqquvvati” DUK Yashnobod tuman boshqarmasi tomonidan avariya holatini bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rilib, aholiga issiqlik energiyasini uzluksiz va sifatli yetkazib berish uchun yangi issiqlik quvurlarini montaj qilish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Qayd etilishicha, bugun, 1 mart kuni soat 10:00dan 22:00gacha yangi issiqlik quvurlarini montaj qilish ishlari olib borilishi munosabati bilan Uysozlar va Ohangrabo ko‘chalarida joylashgan 70ta ko‘p qavatli uylar, 2ta maktab va 1ta bog‘cha issiqlik tizimidan o‘chiriladi.

Keltirilgan noqulayliklar uchun “Toshissiqquvvati” DUK Yashnobod tuman boshqarmasi uzr so‘ragan.

Top