13:12 / 02.03.2021
3994

Maktabgacha ta'lim tizimida qariyb 52 mlrd so‘mlik moliyaviy xatolik aniqlangan

O‘tgan yil davomida maktabgacha ta'lim tizimida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 51,8 mlrd so‘mlik moliyaviy kamomad aniqlangan. Bu haqda Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva ma'lum qildi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva tizimda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida ma'lum qildi.

«Ichki audit xizmati tomonidan 2020 yil davomida maktabgacha ta'lim bo‘limlari va maktabgacha ta'lim tashkilotlarida o‘tkazilgan 611ta nazorat tadbirida jami 51,8 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchilik aniqlandi. Jumladan:

  • noqonuniy xarajat va kamomadlar - 23,4 mlrd so‘mni (45 foiz);
  • davlat xaridi qonunchiligi talablarining buzilishi - 11,2 mlrd so‘mni (21,6 foiz);
  • buxgalteriya hisobi qoidalarining buzilishi va boshqa moliyaviy xato kamchiliklar - 11,9 mlrd so‘mni (22,9 foiz);
  • budjet va tashkilot hisobiga qo‘shimcha hisoblangan daromadlar - 5,3 mlrd so‘mni (10,3 foiz) tashkil etdi», dedi vazirlik axborot xizmati rahbari.

Shuningdek, kuzatilgan qonunbuzilish holatlarini, asosan, oylik ish haqi va rag‘batlantirish mablag‘lari noto‘g‘ri sarflanishi, oziq-ovqat mahsulotlariga qilingan noqonuniy va ortiqcha to‘lovlar, ota-onalar to‘lovlarini kassaga kirim qilmaslik kabilar tashkil etishi aytildi.

«Maktabgacha ta'lim bo‘limi va maktabgacha ta'lim tashkilotlari tomonidan xodimlarning oylik ish haqi va rag‘batlantirish mablag‘laridan 10,1 mlrd so‘m noqonuniy va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilgan.

Soxta taomnomalar tuzib, haqiqatda sarflanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini xarajatga chiqarish, kamomad va me'yorga nisbatan ortiqcha hisobdan chiqarilishi kabi holatlar orqali 3,6 mlrd so‘m noto‘g‘ri sarflangan.

Ota-onalar to‘lovlarini kassaga kirim qilmaslik orqali 531,5 mln so‘m mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Muddati o‘tgan 805 mln so‘m debitor qarzdorliklarga yo‘l qo‘yilgan va undirish choralari ko‘rilmagan, 59,6 mln so‘mlik debitor qarzdorliklar hisobotlardan yashirilgan.

Haqiqatda yetkazib berilmagan tovar va xizmatlar uchun asossiz ravishda mablag‘lar turli ta'minotchi korxonalar hisobiga o‘tkazib berilgan.

Xaridlarning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tib, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid ravishda 11,2 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Profilaktika ishlari natijasida, ya'ni ortiqcha boyliklarni kirim qilish, asossiz hisoblanmagan badal to‘lovlarini hisoblash, asossiz hisoblangan kreditor qarzdorliklarni kamaytirish, mulkni sotishdan tushgan mablag‘larning 50 foizini mahalliy budjetga yo‘naltirish kabi yo‘llar bilan 5,3 mlrd so‘m budjet va maktabgacha ta'lim tashkiloti foydasiga qo‘shimcha hisoblandi», deya ma'lumotlarni ochiqladi Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Mavzuga oid
Top