00:02 / 02.03.2021
3928
Myanmaning harbiy hukumati 19ta davlatdan 100 nafar diplomatini chaqirtirib oldi
Foto: Reuters

Myanmada hokimiyatni egallab olgan harbiylar 19ta davlatdagi elchixonalaridan 100 nafar diplomatni ortga chaqirtirib oldi. Bunga esa Myanmaning BMTdagi doimiy vakili Chjo Mo Tun BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi minbaridan Myanmaning yangi hukumati bilan aloqani uzganini aytgani sabab bo‘lgan. 

Chjo Mo Tun, shuningdek, dunyo xalqlari va davlatlarini Myanmada harbiylar tomonidan hokimiyatning egallab olinishiga qarshi chiqishga chaqirgan.

Diplomatlarning ortga chaqirtirib olinishi haqida Irrawaddy internet-portali xabar berdi. Nashr bunda Myanma tashqi ishlar vazirligining buyrug‘iga tayanmoqda.

Hujjatga ko‘ra, Myanmaning harbiy hukumati AQSh, Britaniya, Avstriya, Italiya, Braziliya, Fransiya, Norvegiya, Belgiya, Serbiya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Singapur, Tailand, Hongkong, Indoneziya, Kamboja, Janubiy Koreya va Filippindagi elchixonalaridan diplomatlarini chaqirtirib olgan.

Shu bilan birga, Myanma tashqi ishlar vazirligining poytaxt Neypidoda ishlovchi 50ga yaqin xodimi chaqirtirib olingan hamkasblari o‘rnini egallash uchun yuqorida tilga olingan davlatlarga jo‘natiladi. 

Myanmaning BMTdagi vakili Chjo Mo Tun harbiylar tomonidan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan va davlatga xiyonatda ayblangan. Chjo Mo Tunning BMTdagi chiqishidan keyin xorijda ishlovchi ko‘plab myanmalik diplomatlar Myanmada harbiylarning hokimiyatni egallab olganiga qarshi bir oydan beri davom etayotgan bo‘ysunmaslik kampaniyasiga qo‘shilish va yangi hukumatga ishlamaslik tomon og‘a boshlagan.

Top