21:58 / 02.03.2021
8128
«OTMlarning raqobatga tayyor emasligining sababi ular qo‘lda boshqarilishiga o‘rganib qolgan» – Alisher Qodirov

2 mart kuni oliy ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarni turar joy bilan ta'minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga hisobot berdi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, «Hukumat soati» davomida ta'limdagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan deputat Alisher Qodirov ham so‘z so‘ragan.

«Oliy ta'lim tizimi – maktab tizimi emas. U juda katta bozor. Biz dunyo tajribasi deyapmiz-u, lekin dunyo tajribasidan hech narsa o‘rganmayapmiz.

Oliy ta'limdagi bugun ko‘rinayotgan barcha muammolarga yechim topib berishni bitta vazirdan talab qilaverish noto‘g‘ri.

Deputatlar vazirga nega talabalar joy bilan ta'minlanmagan, nega kontraktlar qimmat, ta'lim sifati past, kvotalar kam, degan savollarni berishyapti. Bu – mantiqsizlik. Nega? Chunki butun dunyoda Oliy ta'lim muassasalari biznes struktura sifatida bir-biri bilan raqobatda ishlayapti», – dedi Qodirov.

Deputatga ko‘ra, dunyoning rivojlangan oliy ta'lim muassasalari yaratayotgan mahsulotlar hisobiga davlatlar va biznes rivojlanyapti. Dunyo OTMlari rivojlangan tafakkurli, kallasi joyida bo‘lgan yaxshi-yaxshi mutaxassislarni bozorga taqdim qilyapti va shu orqali o‘zini reklama qilyapti.

«Nima uchun odamlar Harvardda o‘qishga intiladi? Harvard o‘zining talabalari yaratgan yangiliklar orqali milliardlab dollar daromad qiladi.

Biz bugun nega talabalarning issiq-sovug‘ini ta'minlab berolmayapsiz, deya vazirga savol beryapmiz. Vaholanki, OTMlar bugun o‘sha mahsulotni o‘zi yaratishi kerak.

Bir narsani e'tirof etaylik, oliy ta'lim juda qimmat mahsulot. U mahsulotni aqli va puli borlar o‘z kelajagi uchun sotib oladi.

Oliy ta'limga kirish uchun qobiliyat bo‘lishi kerak, imkoniyat bo‘lishi kerak.

Odamlar savol beradi: imkoniyati yo‘q, qobiliyati bor odamlar oliy ta'lim ololmaydimi, deb. Yo‘q, oladi. Uning ham tizimlari bor. Bu homiylik tizimlari. Biznes o‘zi sotib oladi qobiliyatli kadrni», – ta'kidladi u.

Alisher Qodirov

Alisher Qodirovning qo‘shimcha qilishicha, oliy ta'lim katta raqobat maydoni, ammo O‘zbekistonda shu maydon yaratilmayapti.

«Men hozir faqat joy haqida gapiryapman, lekin bugun oliy ta'limda baholash tizimidan tortib, o‘qishga kirishgacha bo‘lgan juda katta muammoli tizim bor.

Orqada qolib ketayotgan jihatlarimiz juda ko‘p. Nega bizda oliy ta'lim raqobatbardosh emas? Hatto qo‘shnilarimizdan ham ortda qolib ketyapmiz.

Bugun oliy ta'lim muassasalari raqobatga tayyor emasligining sababi ular qo‘lda boshqarilishiga o‘rganib qolgan. Hamma muammolarni vazir hal qilib bersin, deya vazirga qarab o‘tiribdi.

Axir bu ham bozor iqtisodiyotiga o‘xshash narsa. Bozor iqtisodiyotida esa narxga aralashdingizmi, bozor buziladi. U yerda tizim buzilgach, qo‘lda boshqarishga to‘g‘ri keladi.

Oliygohlarni davlat tasarrufidan chiqarishni qancha tez boshlasak, shuncha tez sifatli mutaxassislarga ega bo‘lamiz», – dedi deputat. 

Top