21:07 / 02.03.2021
23842
Qimmat mexanizm yoki vaqtincha samara. Mahallabay ishlash tizimi haqida o‘ylar

Hududlarning moliya-iqtisod komplekslarini ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechish uchun safarbar etishdan boshlangan mahallabay ishlash tizimi viloyat hokimlarining konteyner uychalarda yashab, aholi bilan muloqot qilishigacha yetib keldi. Bu qanday mexanizm va samarasi nimada ifoda etiladi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 12 dekabr kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurganda «mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yish masalalari» haqida gapirgandi. Maqsad – «tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilishi»ga erishish.

2021 yil boshida, eng avvalo, bank rahbarlari mahallabay ishlashga o‘rgatildi. Seminar-treninglarda asosiy e'tibor «mahallabay» ishlash tizimini joriy etishning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratildi. Shuningdek, bank rahbarlari tomonidan ishchi «Target» guruhi tuzilib, mahallalarning iqtisodiy va tadbirkorlik salohiyatini oshirish reja-grafigini ishlab chiqish, mahallaning ishsiz aholisini ishga joylashtirish yoki tadbirkorlik sub'yektlariga yo‘naltirish maqsad qilindi.

Haftaning muhim iqtisodiy xabarlari tahlili suhbatida moliyachi Otabek Bakirov mahallabay ishlash tizimining mazmun-mohiyati va samarasi haqida fikr bildirdi.

U har qanday ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi mahsulotni xaridorgacha yetkazib berishga harakat qilishi, shu nuqtayi nazardan, mahallargacha kirib borish degani banklarning mahallada yashovchi, ehtimol, potensial mijozlarga mahsulotni yetkazishini anglatishini aytib o‘tdi.

«Bu bir jihatdan to‘g‘ri, ammo logistika nuqtayi nazardan olib qaraganda, bir birlik bank mahsulotini ko‘chama-ko‘cha yoki mahallabay yurib sotishi, realizatsiya qilishi yoki taklif etishi, nisbatan, qimmat jarayonga aylanadi. Bir necha foizga emas, bir necha karra qimmatroq jarayonga aylanadi.

Bunda transport, logistika, mehnat xarajatlari karrasiga ortib ketadi. O‘z-o‘zidan bank xizmatlarining narx nuqtayi nazaridan raqobatbardoshligini o‘ldiradi. Bu – iqtisodiy nuqtayi nazardan.

Imkon qadar bank xizmatlari eng keng qatlamlargacha kirib borishi ta'minlanadi, degan yaxshi gumonga borgandim. Bizda jismoniy shaxslar bank tizimining hamma xizmatlari bilan to‘liq qamrab olinmagan. Bunga avvaldan bank tizimining ortda bo‘lgani, infratuzilma bo‘lmagani, internet tezligi va hokazo omillar ta'sir qilgan. Shu sababli, xizmatlar eng chuqur xaridorgacha yetib bormagan. Maqsad eng chuqur mijozgacha xizmatlarni olib borish bo‘lsa, tanlagan yo‘limiz noto‘g‘ri. Ya'ni bank xizmatlarini eng chuqur xaridorgacha yetkazib borishning oson yo‘li infratuzilmani yaxshilash, narxlarni arzonlashtirish va internet tizimini yaxshilash bo‘ladi.

Xizmatlar bilan qamrab olishning eng oson va to‘g‘ri yo‘li masofaviy xizmatlar. O‘zim 10dan ortiq bank xizmatlaridan foydalanaman, lekin u banklarga biror marta bormaganman.

Gruziya yetib borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan iborat davlat hisoblanadi, unda ammo TBSning kirib bormagan joyi qolmadi. Bu bank O‘zbekistonga ham kirib keldi. Bizning banklarimiz kelajagi shunday tartibda bo‘lishi kerak. Mahallagacha kirib borish g‘oyasi juda ko‘p irratsional mundarija bilan to‘lib ketdi. Ya'ni kampaniyabozlikka aylanib ketdi. Boshqa tarafdan banklarning hozirgi ahvoli har bir mahalladagi fuqarolarni barcha bank xizmatlariga bo‘lgan talabni qondirish uchun resurslariga ega emas.

Biz to‘liq inventarizatsiya qilib, har bitta mahalladagi tadbirkorlar, fuqarolarning iste'mol talablarini ro‘yxatdan o‘tkazib, ularni bank mijozlariga aylantirgan taqdirimizda ham, ularning barcha talablarini to‘liq qondirish imkoniyati mavjud emas. Ya'ni ishlab chiqarish resurslari to‘liq mavjud emas.

Tasavvur qiling, 10 ming odam mahallada yashaydigan bo‘lsa, iqtisodiy sabablarga ko‘ra taxminan 500 kishi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. 500tasining hammasini arzon kredit bilan ta'minlash imkoniyati mavjud emas yoki 20 nafar kam ta'minlangan, 50 nafar qashshoq odamning hammasini doimiy ravishda ta'minlash imkoniyati yo‘q. Resurslarimiz cheklanganligini inobatga olishimiz kerak, bu holatda biz o‘sha 500taning ichidan 5tasini tanlashga majburmiz, qolganlari albatta norozi bo‘ladi», deydi Bakirov.

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyevning aytishicha, ba'zida real muammolar bilan kurashishga to‘g‘ri kelganda, noan'anaviy qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keladi.

«Ya'ni iqtisodiy nazariya va bozor mexanizmining o‘ziga qo‘yib bersangiz har doim ham siz kutgan natijani bermaydi. Chunki bozor mexanizmi ishlashi uchun bizda yetarli infratuzilma va boshqa faktorlar ham bo‘lishi kerak. Mahallalarga borganimizda ishsizlik kabi muammolar bor, shunday holatlar borki, qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyati mavjud joylar bor, faqat o‘sha resurs yoki hokimiyat idoralarining vakolat doirasidagi masalalar, deymizmi bitta joyga olib kelib masalani tezroq yechib beradigan mexanizm yo‘q.

Shu nuqtayi nazardan, ba'zi joylarda hamma muammo yechilmasa ham, hech bo‘lmaganda, ba'zi joylarda, ba'zi muammolarni tezroq yechib natijaga erishish uchun tezroq ishlaydigan mexanizm sifatida ko‘rilmoqda.

Fikrimcha, bu mexanizmni uzoq muddat ishlatib bo‘lmaydi. Ya'ni qisqa fursatda barcha resurslarni yo‘naltirib, faqat bank sektori emas balki barcha soha resurslarini yo‘naltirib mahallalardagi muammolarni yechish ko‘zlangan.

«Mahallabay» ishlash tizimining yo‘lga qo‘yilgani jamiyatda ikkita funksiyaning ishlamayotganini anglatadi. Birinchisi – qonun ustuvorligi, ya'ni qonunlar ishlamay hamma o‘z vazifasini to‘g‘ri bajarmayotgani. Shuningdek, har bir lavozimning nizomida o‘z vazifa va majburiyatlari bor.  Ba'zida joylarga borganingizda odamlar muammosini eshitganingizda, siz odamlarga iqtisodiy terminlar bilan iqtisodiy samaradorlikni tushuntirsangiz, bu – yechim emas. Muammoni hal qilish uchun an'anaviy bo‘lmasa ham, iqsodiy nazariga zid bo‘lsa ham qaror qabul qilishga majbur bo‘lasiz. «Mahallabay» ishlash tizimi qisqa fursatda natijasini beradi, ammo bu chegaradan oshmasligi kerak», deydi u.

Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, mahallabay ishlashni tarixda ko‘rmagan bo‘lsak-da, bu ham modellardan biri hisoblanadi.

«Nisbatan solishtirganda qimmat model hisoblanadi. Vazir, vazir o‘rinbosari qaysidir mahallaga borib, mahallaning ijtimoiy, maishiy muammolarini yechishi samarali lekin qimmatga tushadigan yo‘l.

Biz bir necha bo‘g‘indagi hokimiyat organlarini qavsdan tashqariga chiqarib qo‘ymoqdamiz. Agar vazir mahallaga borib muammoni hal qilayotgan bo‘lsa, viloyat hokimi, shahar, tuman hokimi institutlari, o‘z-o‘zidan kommunal va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq bo‘limlarini amorf holatga keltirib qo‘yyapmiz. Ikkinchi masala, davlat xizmatlarini fuqarolarga yetkazish bo‘yicha butun dunyo umumiy norma, logistik qarashlar mavjud. Davlat xizmatlari iloji boricha shaharlarda, aholi to‘planadigan maskanlarda ko‘rsatiladi. Biz qanchalik mahallama-mahalla yurib davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshlaydigan bo‘lsak, bir birlik davlat xizmatini amalga oshirish qimmatga tushaveradi va uning oxirgi yuki davlat budjetiga tushadi. Zanjirni bir-biriga ulaydigan bo‘lsak, muammosi yechilayotgan odamlar uchun ko‘rsatayotgan xizmatlarimiz shu odamlar uchun haddan tashqari qimmatga tushmoqda», deydi u.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti kamida 5 foiz o‘sishi maqsad qilingan. Biroq global iqtisodiyotdagi noaniqlik uzoq davom etishi mumkinligi iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda.

Shu bois, prezident barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo‘ymoqda. Bu o‘z-o‘zidan mahallabay ishlash tizimi yaratilishiga turtki bo‘ldi.

5 fevral kuni Farg‘ona viloyatida tashrif bilan bo‘lib turgan prezident kutilmaganda kortej manzilini Farg‘ona shahridagi mahallalardan biriga o‘zgartirdi. U yerda aholi bilan muloqot qildi, muammo va takliflarni tinglab, mutasaddi amaldorlarga tanbeh berdi.

19 fevral kuni esa Namanganda shunday holat takrorlandi. Davlat rahbarining tashrifidan so‘ng, Namangan viloyati hokimi Shavkat Mirziyoyev belgilagan topshiriqlarni bajarish maqsadida «Bunyodkor» mahallasiga ko‘chib o‘tganini e'lon qildi. Keyinroq, Buxoro viloyati hokimining ko‘chma konteynerdagi shtabi paydo bo‘ldi.

Top