18:08 / 02.03.2021
2622
Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasiga a'zolik ixtiyoriy etib belgilanmoqda

Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya sohasidagi huquqiy-me'yoriy munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ko‘pligi, mavjud normalarni amaliyotda qo‘llash jarayonida ko‘p sonli masalalar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasida «Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan.

Mazkur qonun loyihasi bilan qishloq xo‘jaligida kooperatsiya jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishining yagona huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Hozirgi kunda kooperatsiya masalalari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, Yer kodeksi, Soliq kodeksi, «Kooperatsiya to‘g‘risida», «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida», «Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida», «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida», «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolati to‘g‘risida»gi kabi Qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solib kelinsa-da, qonun hujjatlarida kooperatsiyalarning o‘ziga xos xususiyatlari to‘liq darajada aks ettirilmagan.

Jumladan, quyidagi holatlar bugungi kunda qishloq xo‘jaligida o‘zaro kooperatsiyasi munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga to‘sqinlik qilmoqda:

  • O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarini shakllantirish tizimining mavjud emasligi;
  • qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi sohasida axborot-maslahat xizmatlari tizimining keng tarqalmaganligi, sohaning rivojlanishini mustahkamlashga layoqatli hamda malakali mutaxassislarning yetishmasligi;
  • qishloq aholisida kooperatsiyasi to‘g‘risidagi bilim darajasi yetarli emasligi;
  • o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va erkin birlashishga ruhiy (psixologik) jihatdan tayyor emaslik, xo‘jalik yuritishda o‘z-o‘zini boshqarish ko‘nikmalarining yetishmasligi;
  • kooperatsiya tuzilmalarini tashkil etishga agrobiznesning hissadorlik korxonalari, xususiy tadbirkorlar va vositachilar tomonidan qarshi ta'sir va raqobatning mavjudligi.

Yuqoridagi kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida «Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari faoliyati shaklining asosiy tamoyillari mustahkamlanmoqda. Jumladan:

  • a'zolikning ixtiyoriyligi;
  • ishlab chiqarish va boshqa xo‘jalik faoliyatida ishtirok etayotgan a'zolar uchun o‘zaro yordam va iqtisodiy manfaatning ta'minlanganligi;
  • foyda va zararning a'zolarning shaxsiy mehnati bilan ishtiroki yoki xo‘jalik faoliyatdagi ishtirokini hisobga olgan holda ular o‘rtasida taqsimlanishi;
  • xo‘jalik faoliyatida uning a'zosi bo‘lmagan shaxslar ishtirokini cheklash;
  • a'zolarni qo‘shimcha pay badali va uyushgan a'zolarni pay badali bo‘yicha to‘lanadigan dividendlar miqdorini cheklash;
  • faoliyatning oshkoralik asosida boshqarilishi, har bir a'zo, qo‘shgan mulkiy hissasining miqdoridan qat'i nazar, bir ovozga ega bo‘lishi;
  • faoliyat to‘g‘risidagi axborotlarni uning barcha a'zolari uchun ochiq bo‘lishi.
Top