10:25 / 02.03.2021
3549
Toshkentda Sebzordan «Megaplanet»gacha bo‘lgan yo‘l qachon ta'mirlanishi ma'lum qilindi

Toshkent shahridagi ko‘pgina yo‘llar qish faslidan so‘ng ta'mirtalab ahvolga kelib qoldi. Ayrim yo‘llar yo‘lsozlarning tezkor ta'mirini talab qilmoqda. Sebzor mavzesidan “Megaplanet”gacha bo‘lgan ko‘priklar ta'mirlandi. Biroq, yo‘llar haligacha nosoz ahvolda, bu ko‘pchilikning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning ma'lum qilishicha, ushbu yo‘l ta'mirlanishi joriy yil 10 martdan boshlanadi.

U joriy yil 1 mart kuni poytaxt hokimligi majlislar zalida Toshkent shahrida 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2021 yilda markaziy va ichki ko‘chalarni qurish, qayta ta'mirlash bo‘yicha rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma'lum qildi.

“Nega haligacha qurilish ishlari boshlanmagani haqidagi savolga javob: qurilish-shaharsozlik normalari bo‘yicha bahor va yoz faslida havo harorati +5 darajadan past bo‘lishi kerak emas. Kuz faslida +10 daraja bo‘lishi kerak. Hozirgi vaqtda o‘zingiz ko‘rib turibsiz, havo harorati tezda o‘zgaryapti. Agar mana shu sovuq kunlarda ishlarni boshlaganimizda, asfalt qoplamasi bir yilga ham yetmasdan, hammasi buzilib ketardi. Hamma uskunalar shay holatda turibdi. Hozir faqat havoni kutyapmiz. Agar havo harorati shaharsozlik normalariga ma'qul bo‘lsa, ishlarni boshlab yuboramiz. 10-12 martdan keyin keng qamrovli ishlarni boshlaymiz”, deydi Baxtiyor Rahmonov.

Top