23:08 / 02.03.2021
22960
Yetishmayotgan yotoqxonalar, uni ajratishdagi korrupsiya va o‘qishni ko‘chirish qiyinchiliklari - Oliy ta'lim vaziri bilan suhbat

2 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarni turar joy bilan ta'minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga hisobot berdi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida vazir Abduqodir Toshqulov bilan yotoqxona muammolari, nomli stipendiyalar saralashidagi korrupsion holatlar, qo‘shni davlatlardan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishda qiynalayotgan talabalar va boshqa masalalar bo‘yicha qisqa suhbat uyushtirdi.

— Bugun parlamentning «Hukumat soati» doirasida talabalarga yotoqxonalarning yetishmasligi masalasida hisob berdingiz. Haqiqatda oxirgi vaqtlarda bu muammo  juda ayanchli misollar bilan o‘z bo‘y-bastini ko‘rsatyapti. Bugun ham aynan shu muammo natijasida bir talabaning vafoti haqida eshitdik. Bir necha kun avval ham eshitgandik. Ayting-chi, yotoqxonalar qurish ishlarini to‘liq bozor qoidalari asosida xususiy tadbirkorlarga topshirishga nima to‘siq bo‘lyapti?

— Dunyo amaliyotiga e'tibor bersak, rivojlangan OTMlar ham talabalarni to‘liq yotoqxona bilan ta'minlay olmaydi. Ularda bu sohaga tadbirkorlar jalb qilingan, ijara tizimi ishlaydi. Faqat tizimli ishlaydi.

Talabalar turar joylarini qurishni tadbirkorlarga topshirishda esa muammo yo‘q, lekin shu talabalar turar joylari quraman deb, ijtimoiy majburiyatni zimmasiga oladigan tadbirkorlar ko‘p emas.

Sababi, ularga buning foydasi kam. Talabalar katta pul to‘lay oladimi? O‘zi talaba-ku ular, yotoqxonaga ham kam pul to‘laydi-da. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, tadbirkorning yotoqxona qurib, o‘z xarajatlarini qoplashi uchun 15 yildan 18 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov

Ikkinchi masala, hozir tadbirkorlarimiz bir sohaga mablag‘ tikdimi, qisqa fursatda foyda ko‘rishni o‘ylaydi. Chunki ularda ham asosiy faoliyat kredit hisobiga bo‘ladi.

Kuni kecha shu masalalarga bag‘ishlangan favqulodda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta'lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari o‘zaro qo‘shma qaror imzoladi.

Bunda barcha Oliy ta'lim muassasalari ma'muriyatida talabalarga turar joy topib berish bo‘yicha bo‘limlar ishlaydigan bo‘lyapti. Shunday platforma yaratiladi.  Lekin bu  talabalar uchun yotoqxona qurilmaydi degani emas. Talabalarga yotoqxonalar qurish uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratilishi ham ko‘zda tutilgan. Ammo talabalar sonining oshib borishi sharoitida bu ham muammoni to‘liq  hal qilmaydi. Shu sababli OTMlarda talabalarga turar joy topib berish bo‘yicha bo‘lim ochiladi va nazorat yo‘lga qo‘yiladi.

Bu nazorat talabaning uyini borib tekshirish emas, balki talaba turgan joydagi sharoitini o‘rganish bo‘ladi.

Men talabalar yotoq-joylari ta'minotini ota-onalar ham nazorat qilishi kerakligiga urg‘u bermoqchiman.

Biz endilikda ham ota-ona mas'uliyati, ham ta'lim muassasalari mas'uliyati bo‘yicha nazoratni oshiramiz. Lekin bu kampaniyabozlik bilan bo‘lmaydi, bu ta'limdan tashqari tarbiya funksiyasi.

Bilasizmi, talabalar turar joylari bo‘lishining eng katta foydasi nimada? U yerda talabalar nazoratda bo‘ladi. Shuningdek, talaba sport maydonchasidan foydalanadi, madaniyat saroyi, axborot-resurs markazidan foydalanadi. Ijarada turgan talabaga esa o‘zini rivojlantirish bo‘yicha bilim-ko‘nikmani bermasak, unda bo‘sh vaqtini keraksiz narsalarga o‘g‘irlatib qo‘yish xavfi bor.  

Men dastlabki faoliyatimni mana shu muammo: talabalar turar joyida sharoit va ijarada turganlar bilan ishlashdan boshladim.

— O‘tgan yili qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan talabalarning o‘qishini O‘zbekistonga imtihonsiz ko‘chirishga imkoniyat yaratilgandi. Ammo bugunga kelib ma'lum bo‘lyaptiki, barcha qonuniy asoslarga ega bo‘la turib, o‘qishini ko‘chirolmay qolgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Xo‘sh, nega bu kabi muammolar yuzaga keldi? Vazirlik ularning muammolarini qanday hal qiladi?

— Xabarim bor. Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirib kelganlarning 6 foizi barcha hujjatlari to‘liq bo‘lsa-da, OTMga qabul qilinmaslik holatiga duch kelgan.

Ya'ni bu vaziyatda ayrim talabalarning ishi fuqarolik pasportida chetga chiqib kelganlik to‘g‘risida muhr yo‘qligi, ayrimlarida hujjatlarni qalbakilashtirish vaji bilan ortga surilgan.

Biz endilikda bu ishlarni tezlashtirish imkoniga egamiz. Xabaringiz bor, vazirlikning «Vazirga murojaat» telegram boti ishga tushgan. Shu kabi muammolarga duch kelgan yoshlar bot orqali menga murojaat qilishlari mumkin. Bu murojaatlarni shaxsan o‘zim ko‘rib chiqaman.

Lekin bu vaziyatda odamlarga noto‘g‘ri ma'lumot beruvchilar ham borki, ular yana o‘qishni ko‘chirish imkoniyati bo‘ladi degan xabarlarni tarqatyapti. Shuning ortidan pul ishlashga intilyapti. Yo‘q, bu bir martalik masala edi. Endi o‘qishni ko‘chirish masalasi faqat belgilangan tartibda, avgust oyida test orqali bo‘ladi. Biz hozir o‘sha tizimni rivojlantirish, shuningdek, bu imtihonlarni vazirlik orqali emas, DTM orqali tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz.

— Akademik litseylar faoliyatini takomillashtirishga doir qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, endilikda oliy ta'lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlari (filial direktori o‘rinbosari) bir vaqtning o‘zida akademik litsey direktori ham hisoblanadi.

Ammo bu prorektorlarda juda ko‘p muammolarni tug‘diryapti. Qisqa qilib aytganda, bu masofa, ortiqcha yuklama va qo‘shimcha mablag‘ kabi muammolar. Xo‘sh, bu masala qayta ko‘rib chiqiladimi?

— Bu masala ko‘rib chiqildi. Endilikda litseylarda avval direktor lavozimlarida ishlaganlar ijrochi direktor lavozimida faoliyatini davom ettiradigan bo‘lyapti. Haqiqatdan ham, prorektorlarning ishi ko‘p. Masalan, SamDU prorektori 28ming talabaning o‘quv jarayonini muvofiqlashtiradi. U bundan ortib, litsey ishini ham muvofiqlashtirishi kerak. Endilikda ular litseylarga to‘g‘ridan to‘g‘ri direktor emas, o‘z joyida ishlagan holda, ijrochi direktorlarga yordam qiladi. Litseyni ijrochi direktor boshqaraveradi.

— Ayrim OTMlarda TTJga mas'ul shaxslar (prorektor, dekan, dekan o‘rinbosari, komendant) o‘z tanishini yoki pora evaziga yotoqxonaga unchalik ehtiyoji bo‘lmagan talabalarni yotoqxonaga joylashtiradi. Buning oqibatida yotoqxonaga haqiqatda ehtiyoji bor talaba ko‘chada qoladi. Nima deysiz, bu borada jiddiy tekshiruvlar boshlash vaqti kelmadimikin?

— Bu eng ayanchli holat. Nafaqat bu, men OTMlardagi ba'zi narsalarga hayron qolaman. Masalan, vazir lavozimiga kirishganimdan keyin menga davlat stipendiatlarini saralashdagi adolatsizliklar bo‘yicha murojaat bo‘ldi.

Biz ularga choralarni ko‘rib boshladik. Deylik, biror prorektorning farzandi yoki ma'naviyat bo‘lim boshlig‘ining farzandi iqtidorli bo‘lishi mumkin, lekin bitta OTMdagi ikkita davlat mukofotining birini prorektorning, birini esa ma'naviyat bo‘limi boshlig‘ining farzandi olishi erish tuyuladi.

— Rostini aytsam, bakalavr bosqichida o‘qiganimda shu holatga men ham tushganman. Prorektorimiz nomli stipendiya uchun tayyorlagan hujjatlarimdan kamchilik topib, meni jarayonlardan chetlashtirgan. Ko‘p yugurdim, lekin foydasi bo‘lmadi. Oxir- oqibatda o‘sha stipendiyani uning qizi olib, magistraturaga imtihonsiz kirgandi.

— Ko‘ryapsizmi, bor bunday holatlar. Biz endilikda stipendiatlarni saralash tartiblarini ham o‘zgartiramiz. Ya'ni g‘oliblarni talabalarning o‘zi ovoz berish yo‘li bilan aniqlashi mumkin bo‘ladi, biroq uni ham takomillashtirish kerak. Eng yomoni, qaysi sohaga o‘zgartirish kiritmoqchi bo‘lsangiz, korrupsiyaning innovatsion yo‘nalishini o‘ylab topuvchilar chiqar ekan.

«Yil talabasi» ko‘rik tanlovida ham adolatsizlik bo‘lgani yuzasidan menga murojaat bo‘ldi, Eshitib hayron qoldim. Bu bo‘yicha prokuraturaga o‘zim xat qilib berdim.

To‘g‘risi, har bir rahbar o‘zi boshqarayotgan joyning ma'naviy muhitiga javobgar. Xo‘sh, rektorning o‘zi shu muhitning ichiga kirib ishlayaptimi? Hamma rektorlarni yomon ishlayapti, deyishdan yiroqman, biroq ularning orasida ishni qo‘lga olmasdan, prorektorga yuklab qo‘yganlar ham bor.

 Qarang, shu kunlarda qanday ayanchli voqealar yuz berdi: o‘n gulidan bir guli ochilmagan talabalar… Hozir ularning uyidagi vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas.

Shuning uchun ham endi bu tizimda tinim bo‘lmaydi. Oliy ta'limda taraqqiyot va kutilgan keskin o‘zgarishlar bo‘ladi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Muhiddin Qurbonov.

Top