13:52 / 03.03.2021
10535
«10 yilda 14 marta ko‘chdim» – Toshkentdagi ijara muammosi

 Bir vaqtlar xorijda juda ko‘pchilik ijarada yashashi, hatto ijara uyda tug‘ilib, vafot etganlar borligi haqida eshitib, hayratlanardik. Bu jarayon asta-sekin O‘zbekistonga ham kirib kelmoqda. Yirik shaharlarda, ayniqsa poytaxt Toshkentda ijarada yashovchilar soni kun sayin ko‘payib boryapti. Afsuski, taklif talabni qondira olmayapti va ijara bahosi kun sayin oshib, daromadning katta qismini olib ketmoqda. Hatto pandemiya davri ham ijara bozoriga deyarli ta'sir qilmadi.

Foto: Kun.uz

Toshkentda alohida kvartiralarning eng arzon ijarasi 150 AQSh dollari (1,6 mln so‘m)ni tashkil qiladi. Bu narxga Andijon, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarda o‘rtacha kvartiralarni ijaraga olish mumkin. Termiz, Urganch kabi shaharlarda odatda kelishuv qiymati so‘mda hisoblanadi va 800 ming, 1 mln so‘mdan boshlanadi.

O‘zbekistonning har bir shahri, har bir tumanida ko‘chmas mulk ijarasi mavjud. Ko‘pchilikni qiziqtirgan uy-joy ijaralari soni bo‘yicha yaqqol yetakchilik Toshkent shahrida. Turli yillarda respublika bo‘ylab tuzilgan ijara shartnomalarining taxminan yarmi aynan poytaxtda qayd etilgan. Bu tabiiy holat, Toshkent O‘zbekistonning eng yirik shahri bo‘lish bilan birga, odamlar eng ko‘p intiluvchi shahar hamdir.

Poytaxtda va yirik shaharlarda ijara kelishuvlari yillar davomida singib ketgan an'anaga muvofiq AQSh dollarida hisoblanadi. Toshkentda 150 AQSh dollariga shaharning aholi ko‘p yashovchi tumanlaridan jihozlarsiz 1 xonali xonadonni ijaraga olish mumkin. Ko‘pchilik xaridorlar ham aynan shu narxga ijara qidiradi. Ammo so‘nggi tendensiyalarga ko‘ra, bu pulga ijara uy topish tobora qiyinlashib bormoqda.

Sohaga oid e'lonlar eng ko‘p joylashtiriladigan Olx.uz sayti ma'lumotlariga tayanib aytilsa, Toshkentda ko‘p qavatli uylardagi kvartiralarning eng qimmat ijarasi 2-3 ming AQSh dollarini, hovlilarning eng qimmati 7-8 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. Lekin ijaraga beriladigan bunday qimmat narxdagi ko‘chmas mulklar odatda juda kam bo‘ladi.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida 100-120 AQSh dollariga Samarqand, Andijon, Buxoro kabi yirik shaharlarda o‘rtacha kvartiralarni ijaraga olish mumkin. Termiz, Urganch kabi shaharlarda odatda ijara qiymati so‘mda hisoblanadi va 1 mln so‘mdan boshlanadi. Tabiiyki, tumanlarda yanada arzon.

Ijaraga beruvchi va ijarachi o‘rtasida shartnoma tuzish, olingan daromaddan soliq to‘lash shartligi to‘g‘risidagi talablar avvaldan mavjud bo‘lgan. Ammo so‘nggi yillarda nazorat organlari ijaraga berilgan xonadonlarni muntazam tekshirishi hamda noqonuniy daromad uchun jarima solishi, vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish uchun ham aynan shu hujjatning zarurligi tufayli rasmiy ijara shartnoma tuzish hajmi ko‘paydi.

2019 yildan boshlab ijara shartnomalarining notarial idoralarda to‘lovlar bilan emas, soliq idorasining o‘zida yoki onlayn tarzda bepul tuzilishi ko‘pchilikka katta yengillik berdi.

Ijara oluvchilarning kasbiy tasnifi va ijtimoiy qatlami ham qiziq ma'lumotlarni taqdim etadi.

Son jihatdan eng ko‘p ijaraga oluvchilar talabalar bo‘lsa, rasmiy shartnomalar asosida ijaradan foydalanuvchilar orasida harbiylar yetakchidir. Shuningdek, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari orasida ham ijaraga oluvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Bunday toifa orasida jurnalistlar ham talaygina, biz ularning ayrimlariga quyidagi savollar bilan murojaat qildik:

1. Ijara to‘lovingiz qancha va bu maoshingiz yoki umumiy daromadingizning necha foizini tashkil qiladi?

2. Qancha vaqtda beri ijarada yashaysiz?

3. O‘tgan davr mobaynida necha marta ko‘chgansiz?

Hamkasblarimiz o‘z shaxsini sir tutish sharti bilan savollarga javob qaytarishdi.

1. K. 29 yoshda, ayol kishi:

“O‘zim 2011 yildan, oilaviy 2014 yildan ijaradamiz. 200 dollar to‘laymiz. Bu so‘mda 2 mln 100 ming degani. Qolaversa, kommunal to‘lovlarga 200 ming so‘m ajratamiz. Turmush o‘rtog‘im bilan maoshimiz 5 million so‘m bo‘lsa, shuning 45-50 foizi ijara uchun ketadi.

O‘tgan 10 yil ichida 14 marta ko‘chganmiz. Endi tasavvur qilavering, yo‘llarda singan qancha idish-tovog‘u, har kvartira uchun olingan keraksiz narsalarni...

Qizim 9 oylik vaqtida ko‘chishimizga to‘g‘ri kelgan. Ijara uyimiz sotuvga qo‘yilgandi va uy egasi yon qo‘shnimiz edi. Qizim begona joyda uxlolmagan. To‘rt kun yig‘lab, isitmalab qolgan. Oxiri eski uyimiz egasiga aytganmiz. O‘zimiz boshqa uyga ko‘chib o‘tgan bo‘lsak ham, bolaning uxlashi uchun kechasi eski uyimizga borib yotib kelardik”.

2. L. 34 yoshda, erkak kishi:

“2010 yildan boshlab 4 yil talabalik davrida, 2014 yildan oilali bo‘lib, jami 11 yildan beri ijarada yashayman. Oylik to‘lovim 200 dollar, maoshim esa 3,5-4 mln so‘m atrofida. Qo‘shimcha ishlar bilan shug‘ullanib, daromad qilaman, busiz iloji yo‘q. Shu paytga qadar 7 marta ko‘chganman”.

3. S. 38 yoshda, ayol kishi:

“10 yildan beri ijarada turaman, tuman hokimligiga uy so‘rab murojaat qilganimga 7 yil bo‘ldi, bu orada 4 marta hokim almashdi.

Kvartiramiz uchun 300 dollar to‘laymiz, chunki 3 xona uy, ikki qizim bor, kattasi 16 yoshga kiradi, bo‘yi yetgan qizning alohida xonasi bo‘lishi kerak. Shu kunga qadar 7 marta ko‘chganmiz, 5 marta maktab almashtirganmiz.

Men 2,2 mln, turmush o‘rtog‘im 4 mln maosh olamiz. Endi hisoblab ko‘ravering. Bu yil ipoteka qilib bo‘lsa-da, uy olishga astoydil kirishdim”.

4. O. 29 yoshda, erkak kishi:

“4 yildan beri Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ijarada turaman. Mana shu davr ichida 8 marta ko‘chishga ulgurdim. Hozir 150 dollar to‘layman (2 oy avval 200 dollar edi), kommunal xizmatlarga qishda o‘rtacha 300 ming so‘m to‘lanadi. Umumiy daromadning 60 foizdan ko‘prog‘ini ijara uchun ajratishimga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich oldin 80 foizgacha yetardi”.

Ijara qiymatining oylik daromadga nisbatan hajmi butun dunyoda o‘ziga xos indeks hisoblanadi. Bu borada norasmiy tarzda umumqabul qilingan ko‘rsatkich bor – agar inson o‘z daromadining 30 foizini ijara uchun sarflasa, o‘zini iqtisodiy jihatdan mustaqil hisoblashi va oilasi budjetini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Agar ijara oylik daromadning 40 foizidan oshsa, og‘irlik qila boshlashi, 50 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichlarga chiqishi insonni murakkab vaziyatga tushirishi hisoblab chiqilgan.

Yuqoridagi so‘rovnomadan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda, xususan Toshkentda bu borada kritik nuqtadan o‘tib bo‘lingan. Demak ijtimoiy himoya haqida fikr yuritilarkan, ijarada yashovchilar muammolarini ham o‘rganadigan vaqt allaqachon kelgan.

Abror Zohidov

Top