15:26 / 03.03.2021
2558
AQShda karantin cheklovlarini bekor qilish boshlandi

Texasda 10 martdan barcha korxonalar faoliyatini qaytadan boshlash hamda cheklovlarning "katta qismi"ni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Missisipida chorshanbadan boshlab jamoat joylarida niqob taqish rejimi bekor qilinadi.

Foto: Reuters

AQShning Texas va Missisipi shtatlari asosiy karantin cheklovlari bekor qilinishini e'lon qildi. Bu haqda NBC News xabar bermoqda.

Texasda 10 martdan barcha korxonalar faoliyatini qaytadan boshlash hamda cheklovlarning "katta qismi"ni bekor qilish rejalashtirilmoqda.

"Texasni yuz foizga ochish vaqti keldi. Koronavirus birdaniga yo‘qolib qolmadi, ammo endi cheklovlar kerak emas. Endi bizda vaksina bor", – dedi shtat gubernatori Greg Ebbot.

O‘z navbatida Missisipida chorshanbadan boshlab jamoat joylarida niqob taqish rejimi bekor qilinadi.

"Shifoxonaga yotqizishlar va kasallanish holatlari keskin kamaydi, vaksina esa jadal tarqatilmoqda. Vaqt bo‘ldi", – dedi shtat gubernatori Teyt Rivz.

AQSh kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazi direktori Roshel Valenski esa hukumatni karantinni bekor qilishdan ogohlantirdi.

"Aksariyat shtatlar odamlarni koronavirusdan himoya qilish uchun bergan tavsiyalarimizni bekor qilayotgani to‘g‘risidagi xabarlardan xavotirdaman", – dedi u.

Avvalroq AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchi 2022 yilda ham tibbiy niqob taqishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top