12:43 / 03.03.2021
16208
Dunyodagi vaziyat: AQShda to‘rtinchi to‘lqin tahdidi, bolalar uchun yashirin xavflar

Vaksinalar keksa kishilar orasidagi o‘lim darajasini pasaytirmoqda, Fransiya AstraZeneca’ga munosabatini o‘zgartirdi, olimlar bolalarning koronavirusga chalinishi muammosiga yana qaytishga chaqirmoqda. «Yevrovideniye» o‘tkaziladi, ammo qat'iy qoidalar bilan. 

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya davrida dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 115 millionga yaqinlashgan, 2,5 milliondan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Twitter Yaqin Sharqdagi segment uchun koronavirus haqidagi tekshirilmagan va chalg‘ituvchi postlarni shubhali postlar sifatida belgilamoqda. Mintaqaning ko‘plab mamlakatlarida kasallik va vaksinalar to‘g‘risidagi yolg‘on ma'lumotlar tarqatilishi katta muammoga aylangan, ularning ayrimlarida bunday yolg‘on postlar uchun katta jarimalar va boshqa jazo turlari joriy etilgan.

Vaksinalar keksalar orasida koronavirusdan o‘lim darajasini pasaytirdi
Pfizer va AstraZeneca vaksinalarining birinchi dozasi qabulidan keyin 80 yoshdan oshgan britaniyaliklarning shifoxonaga tushish darajasi 80 foizga kamaygan. Bu haqda Buyuk Britaniya jamoat sog‘lig‘ini muhofaza qilish xizmati (PHE) ma'lumotida keltirilgan.

Bu borada dunyo statistikasi biroz pastroq. 70 yoshdan oshganlar guruhida Pfizer vaksinasining birinchi dozasi kasallikning og‘ir shaklidan o‘rtacha 60 foizga himoyalaydi, AstraZeneca esa 60-73 foizga.

Shuningdek, Pfizer vaksinasi keksa yoshlilar o‘rtasida Covid-19’dan o‘limlar darajasini 80 foizga kamaytirgan. AstraZeneca bo‘yicha bunday ma'lumotlar hozircha yo‘q. AstraZeneca’dan foydalanish Yevropa regulyatori tomonidan ma'qullangan, ammo YeIning ko‘plab davlatlari klinik sinovlar yetarli bo‘lmagani vaji bilan uni 65 yoshdan oshganlarga qo‘llashga shoshilmayapti.

Ammo seshanba kuni Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligi AstraZeneca uchun «yashil chiroq»ni yoqdi. Fransuz amaldorlarining so‘zlariga ko‘ra, bu preparat keksa organizmga ta'sir ko‘rsatishi haqida ma'lumotlar ko‘paygani bilan izohlanadi. Ammo, tibbiyotchilarning fikricha, bu qaror boshqa vaksinalar - Pfizer va Moderna yetkazib berilishidagi kechikishlar bilan ham bog‘liq.

Hozirda butun Yevropa bo‘ylab vaksinalarni yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda, shu tufayli Fransiya ortidan YeIning boshqa davlatlari ham AstraZeneca’ni yoshi kattalar uchun qo‘llashga ruxsat berishi kutilmoqda.

AQSh yangi tahdid qarshisida
Shu bilan birga, butun dunyodagi mutaxassislar koronavirusning yangi shtammlari vaksinatsiya kampaniyasini xavf ostiga qo‘yishi va mavjud vaksinalarning samaradorligini sezilarli darajada kamaytirishidan xavotirga tushishmoqda.

AQShda kasallanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha yana o‘sish qayd etildi: o‘tgan haftada yangi kasallanganlar soni har kuni o‘rtacha 70 mingga ortgan, kasallik qurbonlari soni 2 mingga.

«Barchasini aniq aytmoqchiman: bunday darajadagi statistika va yangi shtammning shitob bilan tarqalishi oqibatida biz virusga qarshi og‘ir kurashda erishganlarimizni yo‘qotishimiz mumkin bo‘lib qoladi. Bu shtammlar - xalqimizga va taraqqiyotimizga real tahdiddir», degan AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari direktori Roshel Valenski.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, virus ko‘p martalab mutatsiyaga uchragan, ammo britancha, janubiy afrikacha va brazilcha shtammlar eng xavflilari bo‘lib qolmoqda. Amerikalik virusologlarning hisoblashicha, AQShda epidemiyaning to‘rtinchi to‘lqini boshlanishi mumkin, shu bilan birga, mavjud vaksinalar hozircha yangi shtammlarga qarshi yetarlicha samaradorlik ko‘rsatmoqda, shu tufayli, eng asosiysi - emlash jarayonini tezlashtirish hisoblanadi.

Shu bilan birga, JSSTning favqulodda vaziyatlar departamenti rahbari Maykl Rayanning fikricha, vaksinatsiya ko‘p narsani va'da qilayotgan bo‘lsa-da, virus ustidan uzil-kesil g‘alabani yil oxirigacha kutmaslik kerak.

«Biz aql bilan harakatlansak, shifoxonalarga yuklamalarni, pandemiya bilan bog‘liq o‘limlar va fojialarni kamaytirishga erishishimiz mumkin», degan u.

Rayan so‘nggi olti hafta mobaynidagi pasayishdan keyin kasallanish bo‘yicha global statistikada yana ko‘tarilish boshlanganini qayd etgan.

AQSh pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat bo‘lib qolmoqda: 28,5 mln.dan ortiq kasallanish holatlari, yarim milliondan ortiq o‘lim holatlari - bu butun dunyo bo‘yicha koronavirus qurbonlarining beshdan bir qismidir.

Bolalar va kovid: yashirin va aniq tahdidlar
Britan olimlari bolalardagi koronavirus muammosiga qaytishga chaqirmoqda. Avvaldan bolalar infeksiya yuqtirish ehtimoli juda past deb hisoblangan, ular hech qachon kasallikning juda og‘ir shakliga chalinmasligi (ko‘p hollarda simptomlarsiz) va yuqtiruvchi bo‘lmasligi aytilgandi, ammo olimlarning aytishicha, bu omillar ushbu yosh guruhidagilarda kasallik oqibatlari yuzaga kelmasligini anglatmaydi.

Britaniya milliy statistika agentligining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, 11 yoshdan kichik bolalarning 13 foizi va 12-16 yoshlar oralig‘idagilarning 15 foizida Covid-19 tasdiqlanganidan besh hafta o‘tib ham kasallikning kamida bitta simptomi saqlanib qolmoqda.

Bu shuni anglatadiki, asosan charchoq va nafas olishdagi ayrim buzilishlar bilan ifodalanadigan «uzoq davom etuvchi kovid» bolalarga ham xosdir.

Buni Britaniyada maktablar ochilayotgan bir vaqtda e'tiborga olish kerak - ayni vaqtda bolalarga vaksina berilmayapti, vaksinaning ushbu yosh toifasidagilar uchun ta'siri ham tekshirilmagan.

Britaniyalik maktab o‘quvchilari maktab mashg‘ulotlariga 8 martdan qaytishadi - ular ikki yarim oydan oshiq vaqt davomida masofadan o‘qishdi.

Save the Children xalqaro xalqaro xayriya tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya bolalar ta'limiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgan, bu kelgusida ayniqsa qashshoq mamlakatlarda seziladi.

Tashkilot hisoblariga ko‘ra, butun dunyoda lokdaunlar tufayli bolalar o‘rtacha 74 o‘qish kunini yo‘qotishgan, ayrim hududlar alohida olinsa, vaziyat yanada qayg‘uli ko‘rinish oladi.

G‘arbiy Yevropadagi badavlat davlatlardagi o‘quvchilar odatiy o‘quv dasturidan taxminan 38 o‘quv kuni ortda qolgan, Lotin Amerikasi va Janubiy-Sharqiy Osiyodagi qashshoq mamlakatlarda esa farq - 110 kunni tashkil etadi.

Shuningdek, ayrim davlatlarda shahar bolalari va qishloq hududida yashovchi bolalar o‘rtasida, shuningdek, turli darajada daromad ko‘ruvchi oilalarga mansub bolalar o‘rtasida jiddiy farq kuzatilmoqda (bu texnologiyalar megapolislarda ham, provinsiyalarda ham birdek rivojlangan davlatlarga taalluqli emas).

Uydagi masofaviy ta'lim samaradorligida oiladagi kompyuterlar soni ham muhim rol o‘ynaydi.

Shvetsiyadagi vaziyat: homila davrida virus yuqtirib olgan chaqaloqda virus qanday mutatsiya bo‘ldi
Shvetsiyadagi shifokorlar noyob holatga duch kelishdi, ularga homilador ayol qornidagi qattiq og‘riq bilan murojaat qilgan. Ular homilada yurak urishi sekinlashgani va kislorod yetishmovchiligini qayd etishgan, shundan so‘ng chaqaloqni qutqarib qolish uchun kesarcha amaliyot qo‘llangan. Tahlillarning ko‘rsatishicha, koronavirusga chalingan ona virusni chaqaloqqa u tug‘ilmasdanoq yuqtirgan.

Ammo keyinroq ma'lum bo‘lishicha, homila onasidan virus yuqtirib olishidan tashqari, unda A107G nomini olgan yangi shtamm paydo bo‘lgan.

Homila to‘liq izolyatsiya holatida bo‘lgani va shtammni tashqaridan yuqtirishi mumkin emasligini hisobga olgan holda, tibbiyotchilar chaqaloq tug‘ilishidan oldin yuqtirib olgan koronavirus chaqaloqning dastlabki besh kunida genetik o‘zgarishlarga uchrashi bilan bog‘liq ilk holat sifatida qayd etishdi. 

Ona kasallikdan tez tuzalgan va tug‘ishidan to‘rt kun o‘tib shifoxonadan chiqqan. Kasallikni yengil shaklda o‘tkazayotgan bola ham o‘zi tuzalmoqda, uning immun tizimi virusga qarshi kurashish uchun kerak bo‘lgan antitanalarni tezda ishlab chiqqan.

Koronavirus onadan yangi tug‘ilgan chaqaloqqa o‘tishi holatlari juda kam uchraydi, koronavirus homilada kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqarishi holatlari esa deyarli kuzatilmaydi, lekin endilikda mutaxassislar homilador ayollarga yondashuvni qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytishmoqda, ular yanada yuqori xavf guruhiga kiritilishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top