23:24 / 03.03.2021
15804

Fermerlik hisobidan yoshlarga yer: soliq, huquqiy himoya va loyiha muddati haqida

Bugun, 3 mart kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri «Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rilgan majlis yakunida qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Isroiljon Xolmirzayev bilan fermer xo‘jaligi yerlaridan yoshlarga yer berish masalasida intervyu uyushtirdi.

 — Hozir qishloq joylarda fermer xo‘jaliklari hisobidan ishsiz yoshlarga yer maydonlari berilyapti. Ayting-chi, bu jarayon qanday tartibga solinadi? Shuningdek, yer olgan yoshlarning huquqlari qanday himoya qilinadi? Yer olgan yoshlar yetishtirgan mahsuloti uchun soliq to‘laydimi?

— Haqiqatan ham, hozir hududlar imkoniyatidan kelib chiqqan holda yoshlarga yer berilyapti. Bunda aholi zichligi va hududdagi mehnat bilan ta'minlanganlik holatiga alohida e'tibor qaratiladi.

Albatta, bu yer maydonlarida yoshlar yuqori daromad keltiradigan mahsulot ekishga harakat qiladi. Ular bu joylarda ikki, uch martadan hosil oladi.

Agar yoshlarga yer asosiy ekin maydonidan berilgan bo‘lsa, bir yil, g‘alladan bo‘shagan yer berilgan bo‘lsa, o‘sha mavsum uchun mahsulot yetishtirish mumkin.

Buni qonunlarimiz ham e'tirof etadi, ya'ni ikkilamchi ijara shartnomalari bor bizda.

Yoshlar bu maydonda yetishtirgan mahsulotini erkin tasarruf qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Isroiljon Xolmirzayev

— Ularning huquqlari masalasi qanchalik o‘ylangan bu jarayonda? Chunki hamma fermerga ham yoqmaydi o‘z yeridan ekin maydonini boshqaga shunchaki ajratib yuborish. Bu yerda shuningdek, uning yerga egalik huquqlari ham bor...

— Ularning huquqlarini fermerlar himoya qiladi. Bu fermerga albatta yoqadi. Chunki har bir kasb egasi o‘zidan shogird qoldirishni istaydi. Masalan, men xohlayman.

Bu jarayonda fermerlar o‘zi tashabbus bilan chiqyapti.

— Fermerlik yeridan joy olgan yoshlarga o‘zi yetishtirgan mahsuloti uchun soliq to‘lash vazifasi yuklanmaydimi?

— Yo‘q, ularga soliq to‘lash majburiyati ko‘rsatilmagan. Yer solig‘ini fermerlar to‘laydi.

— Bu ishsiz yoshlarni ish bilan ta'minlashda yaxshi amaliyot. Ayting-chi, u qanchalik uzoq muddatli bo‘ladi, ya'ni keyingi yillarda ham davom etadimi yoki bir yillikmi?

— Hozir bu savolga aniq javob berish qiyin. Mana shu muddatgacha davom etadi yoki to‘xtaydi deb aytolmayman.

Top