08:18 / 03.03.2021
4213

Jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari yangi institutlar bilan to‘ldirildi

«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, o‘zgartirishlarga muvofiq JPKga quyidagilar kiritiladi:

1. Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish – guvoh va jabrlanuvchini (fuqaroviy da'vogarni) ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokuror iltimosiga binoan so‘roq qilish, bu sud tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish uchun asoslar, ularni oldindan mustahkamlab qo‘yish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish shartlari, ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish tartibi va ko‘rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo‘yilgan shaxsni qayta so‘roq qilish uchun asoslar belgilandi.

2. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv quyidagilar uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi:

  • jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish yoki tugatish;
  • jinoyat ishini ayblov dalolatnomasini, ayblov xulosasini yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborish;
  • JPKda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlarini birlashtirish;
  • nomaqbul dalillarni ishdan chiqarib tashlash to‘g‘risida taraflardan birining iltimosi mavjud bo‘lsa, ushbu dalillarni chiqarib tashlash.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish tartibi va muddatlari, jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish va qayta tiklash, shuningdek sud ajrimini chiqarish, uning ustidan shikoyat berish va protest keltirish va boshqalar tartib-taomillar belgilandi.

3. Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv – jinoyat ishi yuritishni nazorat qiluvchi prokuror bilan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tuziladigan kelishuv. U o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumonga, ayblovga rozi bo‘lgan, jinoyat ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan tuziladi.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvni tuzish shartlari, kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani berish va uni ko‘rib chiqish, shuningdek aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvni sud tomonidan ko‘rib chiqish, hukm chiqarish tartibi va boshqa tartib-taomillar belgilandi.

JKga 57-2-modda kiritildi. Unga muvofiq aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha tayinlanadigan jazo muddati yoki miqdori JK Maxsus qismi tegishli moddasida (qismida) nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerak.

JPKga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq:

  • gumon qilinuvchiga amalda ushlangan yoki jinoyat joyida ushlash bilan bog‘liq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan yoxud uning gumon qilinuvchi deb e'tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror unga ma'lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish huquqi beriladi (ilgari – u ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e'tirof etilgani to‘g‘risidagi qaror unga ma'lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish huquqi berilgan);
  • shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat joyida ushlash bilan bog‘liq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan paytdan boshlab u bilan bog‘liq protsessual harakatlar amalga oshirilguniga qadar uning himoyachi bilan xoli uchrashishi ta'minlanadi. Bu haqda bayonnoma tuziladi;
  • ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) e'tiboran ko‘pi bilan 48 soatni tashkil etadi (ilgari – ushlangan shaxsni ichki ishlar organlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga olib kelingan paytdan muddat belgilangan);
  • gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan yoki sudlanuvchidan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar mansabdor shaxslari tomonidan arizalar, tushuntirishlar yoki ko‘rsatuvlar olish mazkur jinoyat ishi o‘z yurituvida bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshiriladi. Belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno.

Himoyachining ishtirok etishi majburiy bo‘lgan ishlar ro‘yxati to‘ldirildi. Endi uning quyidagi ishlarda ham ishtirok etishi majburiy hisoblanadi:

  • sud tomonidan dastlabki eshituv o‘tkazilayotgan ishlarda;
  • o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha;
  • shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, shuningdek qamoqda saqlash, uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilayotganda;
  • aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan ishlar bo‘yicha.

Ushbu holatlarda himoyachidan voz kechilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat qonun talablariga muvofiq olingan bo‘lsa, JPK normalariga muvofiq tekshirilgan va baholanganidan keyin hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor-qidiruv tadbirida ishtirok etgan boshqa shaxslar harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo‘lganligidan dalolat bersa, ushbu natijalar dalil sifatida tan olinishi mumkin.

Shuningdek boshqa o‘zgartirishlar qatorida isbotlashda quyidagilar taqiqlanishi belgilangan:

  • shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash;
  • shaxsni jinoyat ishiga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, uni guvoh tariqasida so‘roq qilish, bundan ekspertiza yoki taftish o‘tkazish talab etiladigan hollar mustasno;
  • shaxsga uning protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki og‘zaki ko‘rsatuvlar olish;
  • ushlangan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish;
  • mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida protsess ishtirokchilarini surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va (yoki) so‘roq qilish. Ular bilan bog‘liq bo‘lgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirig‘i mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Top