11:26 / 03.03.2021
2594
Metsenat.uz loyihasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsion loyihalar uchun 50 mln so‘mlik grant e'lon qilindi

Qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziquvchi va innovatsion loyihaga ega yoshlar bu loyihalarini amalga oshirish uchun Metsenat.uz doirasidagi tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida startap va innovatsion loyihalarga ega bo‘lgan yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-qo‘vvatlash va shu orqali yoshlarning bandligini ta'minlash maqsadida «Qishloq xo‘jaligida yoshlarning innovatsion loyihalari» tanlovi e'lon qilindi.

Ushbu grantning maqsadi: qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziquvchi va prezident tashabbusi bilan ajratilgan yer maydoniga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion startap va loyihalarini moliyalashtirish hamda hozirda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanmish yoshlar bandligini ta'minlash masalasini hal etish.

Ushbu tanlovda qatnashish shartlari qanday?

Birinchidan, ishtitirokchilar 40 yoshdan oshmagan bo‘lishlari, ikkinchidan, imtiyozli shartlarda yer maydoniga ega bo‘lishlari lozim. Va eng so‘nggisi, o‘z loyihalari yoki startaplarini taqdim qilishlari talab etiladi.

Tanlovga loyihalar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilinadi:

  1. Suv tejovchi texnologiyalarni qishloq xo‘jaligida ishlatish;
  2. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha innovatsion yechimlar;
  3. Samaradorligi yuqori bo‘lgan o‘g‘itli mahsulotlardan foydalanish;
  4. Issiqxona faoliyatini tashkil etishning innovatsion usullari;
  5. Bog‘dorchilik, polizchilik yo‘nalishidagi so‘nggi texnologiyalar;
  6. Yangi avlod ko‘chatlarni yetishtirish, ko‘paytirish va ekish;
  7. Qishloq xo‘jaligiga oid boshqa yo‘nalishlar.

Tanlovda ishtirok etish uchun qanday hujjatlar taqdim etilishi lozim?

  1. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  2. Jamoasi to‘g‘risida ma'lumot (agar mavjud bo‘lsa);
  3. Yer maydoni ajratilganini tasdiqlovchi hujjat;
  4. Patent yoki sertifikat (agar mavjud bo‘lsa);
  5. Loyiha haqida taqdimot (10ta slayddan oshmasligi kerak).

Taqdimotda loyihaning maqsadi, amalga oshirish usullari, moliyaviy va texnik ko‘rsatkichlari, ajratilgan pul mablag‘i mazkur loyiha doirasida qanday innovatsion yechim uchun sarflanishini asoslash hamda kutilayotgan natija ko‘rsatilishi lozim.

Loyihalarning respublikaning 13ta hududi (Toshkent shahridan tashqari) kesimida bo‘lishiga alohida e'tibor qaratiladi va rag‘batlantiriladi.

Hujjatlar Metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.

Tanlov bo‘yicha loyihalar joriy yilning 8 mart sanasiga qadar qabul qilinadi.

Tanlov doirasida har bir loyiha uchun 50 mln so‘mgacha pul mablag‘lari ajratiladi. Kelib tushgan loyihalar har hafta ekspertlar tomonidan baholanadi va eng yaxshi 25tasi tanlab olinadi. Tanlov yakuni bo‘yicha esa jami eng yaxshi 100ta loyiha tanlab olinadi.

Ma'lumot o‘rnida: Kun.uz nashri Metsenat.uz loyihasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi va saytda e'lon qilinayotgan barcha grant hamda stipendiyalarni targ‘ib qilishga ko‘maklashadi. Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha korxona, tashkilot, kompaniyalar hamda saxovatpesha tadbirkorlarni ilm-fanga, ta'limga beminnat homiylik qilishga chorlab qolamiz.

Top