15:07 / 03.03.2021
3802
Milliy test tizimining ilk namunalari e'lon qilindi

 Davlat test markazi ona tili va adabiyot, o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti hamda matematika fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi uchun testlardan namunalar e'lon qildi.

Ona tili va adabiyot fanidan test namunalarida 3 turda – tushunish, adabiyot va yozma savodxonlik bo‘yicha 20tadan savol berilgan. Matematika fanidan 7 bo‘limda – sonlar ustida amallarga doir hisoblashlarni bajarish, algebraik shakl almashtirishlarni bajarish, tenglama va tengsizliklarni yechish, funksiyalar ustida amallarni bajarish, geometrik shakllar, vektorlar va koordinatalar ustida amallarni bajarish, ma'lumotlar va noaniqliklar bilan ishlash, matematik modellarni qurish hamda tadqiq yo‘nalishida savollar berilgan.

Test namunalarini Davlat test markazi saytidagi “Milliy sertifikatlash tizimi” bo‘limidan yuklab olish mumkin. Yuqoridagi fanlardan test imtihonlari aprel oyining birinchi 10 kunligida o‘tkaziladi.

Avvalroq, O‘zbekistonda milliy test tizimining ilk namunalari 3 mart kuni e'lon qilinishi haqida xabar qilingandi. Milliy test sinovlari sertifikati test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plaganlarga 3 yilga taqdim etiladi. Abituriyentlarga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda OTMga kirish test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.

Top